Isroil va G‘azo: otashkesim qachon tiklanadi

Foto: BBC
Mohinur Rajabova
2 Daqiqa o‘qish

Isroil armiyasi yakshanba kuni G‘azo sektorida bir qator zarbalar amalga oshirdi. Rasmiy Tel-Aviv ikki askari o‘limiga sabab bo‘lgan hujumlar ortidan mintaqaga gumanitar yordam yetkazishni to‘xtatdi. Bu haqda Reuters xabar bermoqda.

Hujum va qurbonlar

G‘azodagi sog‘liqni saqlash idoralari va mahalliy aholi ma’lumotlariga ko‘ra, Isroil tomonidan o‘tkazilgan havo hujumlari va tank o‘qlari natijasida kamida 18 kishi, jumladan bir ayol halok bo‘lgan. Isroil armiyasi Hamasning bir necha nishonlarini yo‘q qilganini bildirgan.

Foto: Reuters

Guvohlarning aytishicha, zarbalardan biri Nuseyrat hududidagi vaqtincha boshpana sifatida ishlatilgan sobiq maktab binosiga ham tegdi.

Hamas pozitsiyasi

Hamas harbiy qanoti bayonotida, tashkilot sulh shartlariga sodiq ekanini va Rafahda yuz bergan to‘qnashuvlar haqida xabari yo‘qligini bildirdi. Ular mart oyidan beri o‘sha hududdagi guruhlar bilan aloqa qilmaganini ta’kidlagan.

Biroq Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyaxu Hamas’ni sulhni buzishda ayblab, “keskin javob” berishni buyurganini ma’lum qilgan.

Foto: Al Jazeera

Yordam to‘xtatildi

Isroil xavfsizlik rasmiylariga ko‘ra, G‘azoga gumanitar yordam yuborish noma’lum muddatga to‘xtatildi. Bu qaror Hamasning “ochiq sulh buzilishi” bilan izohlandi. Ammo Isroil OAVlari xabariga ko‘ra, AQSh bosimi ostida yordam oqimi dushanba kuni qayta tiklanishi mumkin. Axios nashri esa Isroil AQShga ertasi kuni ertalab G‘azoga o‘tish punktini qayta ochishini bildirganini yozdi.

Xon Yunus shahrida esa bir necha oila hujumlar yaqinlashgani sabab uylarini tark etgan.

Sulhning beqaror yo‘li

Bu zarbalar Isroilning 2024-yil oxirida Hizbulloh bilan tuzilgan sulhni buzilish deb baholab amalga oshirgan hujumlarini eslatdi. O‘shanda ham o‘zaro ayblovlarga qaramay, sulh asosan saqlanib qolgan edi. Ammo G‘azoda barqaror tinchlik o‘rnatish yo‘lida to‘siqlar ko‘p. Mart oyida ham ikki oylik tinchlikdan so‘ng sulh qulagan va Isroil keng ko‘lamli havo zarbalarini boshlagan edi.

Foto: NPR

Rafah o‘tish punkti va gumanitar inqiroz

Rafah chegarasi 2024-yil may oyidan beri asosan yopiq. Sulh kelishuvi doirasida uni qayta ochish va G‘azoga yordamni ko‘paytirish rejalashtirilgan edi. G‘azoda ochlik xavfi kuchaygan – IPC xalqaro ocharchilik monitoriga ko‘ra, avgust oyida yuz minglab aholi ochlikdan aziyat chekkan.

Sulh boshlanganidan beri yordam oqimi biroz oshgan bo‘lsa-da, Birlashgan Millatlar Tashkiloti hali ham bu juda ozligini bildirgan. BMTning fikricha, G‘azoda insonparvarlik yordami jiddiy darajada yetishmayapti.

TAGGED:
Ushbu maqolani ulashish
Obuna bo‘ling:
Jurnalist, tarjimon. 2003-yilda Surxandaryoda tug‘ilgan. Mutaxassisligi filolog. Aloqa uchun: message@qaynoq24.uz
Sharhlar mavjud emas

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

Qaynoq24 — Oʻzbekiston va dunyodagi eng soʻnggi yangiliklarni tezkor, ishonchli va xolisona tarzda taqdim etuvchi yangiliklar portali.