Qoraqalpog‘istonning Sulton Uvays tog‘ tizmalari hududida 75 million yil avval yashagan dinozavrning suyak qoldiqlari topildi. Bu haqda “O‘zbekiston 24” telekanali xabar berdi.
Topilma Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat universiteti olimlari va O‘zbekiston Davlat geologiya muzeyi mutaxassislari tomonidan olib borilgan qo‘shma tadqiqotlar davomida aniqlangan.
Davlat geologiya muzeyi direktori Ahmadjon Ahmadshayevning so‘zlariga ko‘ra, topilgan dinozavr Bo‘r davriga, ya’ni 100–65 million yil avvalgi davrga mansub. Olimlar uning umurtqa, ilik va boldir suyaklarini topishgan.
Hozirda olimlar suyaklarning qaysi turga mansubligini aniqlash ustida ish olib bormoqda. Tadqiqot yakunlangach, topilmalar Davlat geologiya muzeyiga topshiriladi.

