Meksikadagi supermarketda portlash kamida 23 kishini halok qildi

Foto: Reuters
Mohinur Rajabova
2 Daqiqa o‘qish

Meksikaning shimoli-g‘arbiy qismidagi Sonora shtatida joylashgan supermarketda yuz bergan portlash kamida 23 kishining hayotiga zomin bo‘ldi. Al Jazeera nashrining yozishicha, kamida 11 kishi tan jarohati olgan.

Hodisa shanba kuni Hermosillo shahridagi Waldo‘s savdo markazida sodir bo‘lgan. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, portlashga elektr transformatoridagi nosozlik sabab bo‘lgan. Rasmiylar bu voqeani atayin amalga oshirilgan hujum emas, balki baxtsiz hodisa sifatida baholamoqda.

Foto: Al Jazeera videosidan ekran tasviri

“Hodisa tasodifiy bo‘lgan, tergov transformatorning texnik holatini o‘rganmoqda”, — deyiladi Sonora shtati prokuraturasining bayonotida.

Shtat gubernatori Alfonso Durazo video murojaatida qurbonlar orasida bir necha voyaga yetmaganlar borligini ma’lum qildi. U omon qolganlarga tibbiy yordam ko‘rsatilayotganini aytib, hodisaning sabablarini aniqlash va mas’ullarni javobgarlikka tortish uchun shaffof tergov o‘tkazilishini ta’kidlagan.

Foto: Al Jazeera videosidan ekran tasviri

“Bu og‘riqni hech kim yolg‘iz kechirmaydi. Favqulodda xizmatlar, xavfsizlik va tibbiyot xodimlari voqea joyida birinchi daqiqalardan boshlab fidokorona ishladi, vaziyatni nazoratga oldi va ko‘plab insonlarning hayotini saqlab qoldi,” — degan gubernator.

Foto: Al Jazeera videosidan ekran tasviri

Meksika prezidenti Klaudiya Sheynbaum ham X (sobiq Twitter) orqali halok bo‘lganlar oilalariga hamdardlik bildirdi. U Sonora gubernatori bilan bog‘lanib, zarur yordam ko‘rsatish uchun Ichki ishlar vaziri Rosa Isela Rodriges boshchiligidagi maxsus guruhni voqea joyiga yuborishni topshirganini ma’lum qildi.

Mahalliy OAVda e’lon qilingan suratlarda supermarket binosi yong‘indan keyin qoraygan va derazalari portlash oqibatida vayron bo‘lgan holatda aks etgan.

Ushbu maqolani ulashish
Obuna bo‘ling:
Jurnalist, tarjimon. 2003-yilda Surxandaryoda tug‘ilgan. Mutaxassisligi filolog. Aloqa uchun: message@qaynoq24.uz
Sharhlar mavjud emas

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

Qaynoq24 — Oʻzbekiston va dunyodagi eng soʻnggi yangiliklarni tezkor, ishonchli va xolisona tarzda taqdim etuvchi yangiliklar portali.