Gunvor Group Rossiyaning «Lukoil» kompaniyasiga tegishli xorijdagi aktivlarni xarid qilish bo‘yicha taklifini bekor qildi. Kompaniya bu qarorni AQSh bosimi kuchaygani ortidan qabul qilganini X ijtimoiy tarmog‘i orqali ma’lum qildi.
Gunvor 6-noyabr kuni tarqatgan bayonotida «Lukoil» biznesini sotib olishga oid taklif qaytarib olinganini bildirdi. AQSh Moliya vazirligi Gunvorni Rossiya bilan aloqalarni saqlab qolishda ayblagach, kompaniya litsenziya ololmasligi haqida ogohlantirilgan edi.

AQSh hukumati pozitsiyasini AQSh prezidenti Donald Trampning «urush zudlik bilan to‘xtashi kerak» degan fikri bilan izohladi. Gunvor esa bu ayblovlarni rad etib, so‘nggi o‘n yilda Rossiyadagi barcha aktivlarini sotgani va sanksiyalarga to‘liq amal qilib kelayotganini ta’kidladi.
«Noto‘g‘ri tasavvurlar bartaraf etilganidan mamnunmiz. «Lukoil» aktivlarini xarid qilish taklifini rasman bekor qilamiz», deb yozdi Gunvor rasmiy bayonotida.

«Lukoil» AQSh va Buyuk Britaniya sanksiyalari ostida qolayotgan yirik kompaniyalardan biri. 30-oktabr kuni «Lukoil» Gunvor bilan xorijdagi biznesini sotish bo‘yicha kelishuvga erishganini e’lon qilgan edi. Ammo bu bitim G‘arb davlatlarida sanksiyalarni aylanib o‘tish ehtimoli sifatida baholanib, tanqidga sabab bo‘ldi.
Gunvor Group 2000-yilda Gennadiy Timchenko va Torbern Tornkvist tomonidan tashkil etilgan. Bugun kompaniya dunyoning eng yirik neft va gaz treyderlaridan biri hisoblanadi. Timchenko 2014-yilda sanksiyalar xavfi bois ulushining 44 foizini sherigiga sotgan.

Ma’lumot uchun, Lukoil Rossiyaning eng yirik xususiy neft kompaniyalaridan biri bo‘lib, 1991-yilda tashkil etilgan. Kompaniya asosiysi neft qazib olish, qayta ishlash va neft mahsulotlarini eksport qilish bilan shug‘ullanadi. Lukoil dunyoning 30 dan ortiq davlatida faoliyat yuritadi va global neft bozorida eng yirik o‘yinchilardan biri sifatida tanilgan.
Kompaniyaning asosiy aksiyadori Vagit Alekperov sanaladi. Forbes ma’lumotiga ko‘ra, uning boyligi $28,7 mlrd atrofida. Alekperov 2022-yilda Buyuk Britaniya sanksiyalari ortidan Lukoil boshqaruvidan ketgan.

Lukoil neftni Qora dengiz, Boltiqbo‘yi va Yaqin Sharq yo‘nalishlari orqali eksport qiladi. Kompaniya Yevropadagi bir qator neftni qayta ishlash zavodlariga egalik qilgan. Shuningdek, Lukoil Rossiya ichki bozorida minglab AYoQSh tarmoqlarini boshqaradi.
Qaynoq24.uz nashri Tramp Rossiya, Xitoy va AQSh yadroviy qurollarni qisqartirishga yaqinligini aytgani haqida yozgan edi.

