AQSh ayrim kasalligi bor arizachilarga vizani rad etishi mumkin. Bu gaqda Abcnewsgo xabar bermoqda. Ro‘yxatga diabet, yurak kasalliklari, semizlik va boshqa surunkali kasalliklar ham kiradi.
KFF Health News xabariga ko‘ra, Davlat departamenti elchixonalar va konsulliklarga yuborgan ko‘rsatmasida arizachilar “public charge” bo‘lishi, ya’ni AQSh resursiga yuk bo‘lish xavfi baholanishi kerakligi aytiladi. Yangi tartib vizalar, ayniqsa, doimiy yashash uchun topshirilayotgan arizalarga ta’sir qilishi kutilmoqda.
Hujjatda yurak-qon tomir kasalliklari, nafas yo‘llari muammolari, saraton, diabet, metabolik kasalliklar, nevrologik muammolar va ruhiy salomatlik bilan bog‘liq kasalliklar qimmat davolanishni talab qilishi va davlat xarajatiga tushishi mumkinligi qayd etilgan. Shuningdek, semizlik ham xavf omili sifatida ko‘rsatmaga kiritilgan.
Visa xodimlariga arizachining moliyaviy imkoniyatlarini ham tekshirish topshirilgan. Ko‘rsatmada “Arizachi umr davomida davolanish xarajatlarini davlat yordamisiz qoplay oladimi?” degan savol qo‘yilgan.
Mutaxassislar yangi tartibni tanqid qilmoqda. Ularning fikricha, visa xodimlari tibbiy malakaga ega emas va kelajakdagi kasallik xarajatlarini “taxmin qilish” amaldagi qoida — tashqi ishlar qo‘llanmasiga zid.
Ko‘rsatmada nafaqat arizachi, balki uning qarindoshlari, jumladan, nogironlik yoki surunkali muammolari bor farzandlar va yoshi katta ota-onalar salomatligi ham baholanishi belgilangan. Arizachining oilasidagi tibbiy xarajatlar uning AQShda ishlashiga to‘sqinlik qilishi mumkinligi qayd etiladi.
Ayni paytda vizaga da’vogarlardan tibbiy ko‘rikdan o‘tish talabi o‘zgarmagan. Ammo yangi tartibda diabet yoki yurak kasalligi kabi surunkali holatlar bo‘yicha kengaytirilgan baholash joriy etiladi.
AQShda migratsiya siyosati qanday ketmoqda?

Chegara nazorati kuchaygan
AQSh janubiy chegarasida qo‘shimcha patrullar va texnologiyalar qo‘llanmoqda. Hukumat noqonuniy kiruvchilarni tezkor deportatsiya qilish jarayonini soddalashtirdi. Migrant lagerlari soni ko‘paydi va ularda nazorat qattiq.
“Catch and Release” bekor qilingan
Oldin qo‘lga olingan migrantlar vaqtincha ozod qilinardi. Endi ular sud jarayonigacha maxsus markazlarda saqlanadi.
Ish vizalari yanada cheklangan
H-1B, H-2A, H-2B vizalari kvotalari kamaytirildi. Bu IT sohasi va qishloq xo‘jaligida ta’sir sezilmoqda. Yangi tizimda malaka, ingliz tili darajasi va ish beruvchining soliq tarixi ko‘proq baholanadi.
Green Card jarayonlari sekinlashgan
Oilaviy birlashuv bo‘yicha arizalarni ko‘rib chiqish muddati uzaygan. Migratsiya kvotalari kamaygani uchun kutish muddatlari ham ortmoqda.
Talaba vizalarida (F-1) tartib kuchaygan
Talabalar uchun moliyaviy kafolatlar qattiqlashtirildi. Ba’zi universitetlar qo‘shimcha tekshiruvlar joriy qilgan. Qoidabuzarlik sodir bo‘lsa, vizani bekor qilish tezlashtirilgan.
Deportatsiya siyosati kengaygan
Jinoyat sodir etgan, vizasi tugagan yoki noqonuniy yashayotgan shaxslar ustidan nazorat kuchaydi. Deportatsiya soni ham oshgan.
Qaynoq24.uz nashri Tramp Rossiya, Xitoy va AQSh yadroviy qurollarni qisqartirishga yaqinligini aytgani haqida yozgan edi.

