Belarus rahbari Aleksandr Lukashenko 29-iyun kuni Pekinda Xitoy raisi Si Szinpin bilan muzokara o‘tkazdi. Bu haqda Belarusning rasmiy “Pul Pervogo” Telegram-kanali xabar berdi. Uchrashuv Xitoy davlat qarorgohi — Diaoyutayda bo‘lib o‘tgan.
Xabarga ko‘ra, Si Szinpin muzokara davomida Xitoy va Belarus o‘rtasidagi munosabatlar “tarixiy cho‘qqi”ga chiqqanini aytgan. Lukashenko esa bu holat ikki tomon avvaldan muhokama qilgan va keng ko‘lamli hamkorlik arafasida orzu qilgan natijalarga mos kelishini bildirgan.
Reuters ma’lumotiga ko‘ra, Xitoy rahbari ikki davlat yuqori darajadagi ikki tomonlama munosabatlarni izchil rivojlantirishi va strategik muloqotni davom ettirishi kerakligini ta’kidlagan. Si Szinpin Xitoy Belarusning milliy suvereniteti, mustaqilligi va hududiy yaxlitligini himoya qilish borasidagi pozitsiyasini qo‘llab-quvvatlashini ham aytgan.
Belarus rahbari Xitoyga Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan uchrashganidan bir necha kun o‘tib bordi. O‘tgan hafta u Valdaydagi prezident qarorgohida Putin bilan yopiq formatda muzokara o‘tkazgan. Uchrashuv taxminan besh soat davom etgan. Belarus rahbarining Xitoyga tashrifi Belarus va Ukraina o‘rtasidagi keskinlik kuchaygan bir paytda bo‘lib o‘tmoqda. Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy Putinning Lukashenkodan Rossiyaning Ukrainaga qarshi urushdagi qo‘llab-quvvatlovini kuchaytirishni talab qilayotganini aytgan.
Xitoy Belarus rahbarining Sharqiy va Janubi-Sharqiy Osiyo davlatlariga rejalashtirilgan keng ko‘lamli safaridagi birinchi mamlakat bo‘ldi. “Pul Pervogo” kanaliga ko‘ra, 29-iyun kuni Belarus rahbari va Si Szinpin jadvalida faqat bitta uchrashuv emas, boshqa tadbirlar ham ko‘zda tutilgan.
Qaynoq24.uz Belarus hukumati 123 nafar mahbusni ozod qilgani haqida yozgan edi.


