Damas’dan yaxshi: BYD Linghui M9 minivenini sotuvga chiqardi

Foto: BYD
Jonibek Juraqulov
2 Daqiqa o‘qish

BYD Xitoyda taksi va ride-hailing xizmatlari uchun mo‘ljallangan BYD Linghui M9 plug-in hybrid minivenini sotuvga chiqardi. Bu haqda CNC xabar bermoqda.

Modelning boshlang‘ich narxi 188 800 yuan, ya’ni taxminan 27,8 ming dollar etib belgilangan. Eng yuqori talqin esa 199 800 yuan, ya’ni qariyb 29,4 ming dollardan taklif qilinadi.

Foto: BYD

Linghui M9 BYD Xia miniveni asosida ishlab chiqilgan. Ushbu model Xitoydan tashqarida BYD M9 nomi bilan ham tanilgan. Ride-hailing xizmatlari uchun tayyorlangan versiya yirik xrom elementli radiator panjarasi, yagona orqa chiroq bloki, elektr suriluvchi eshiklar va 18 dyuymli g‘ildiraklar bilan ajralib turadi. Avtomobilning uzunligi 5200 mm, eni 1970 mm, balandligi 1805 mm, g‘ildirak bazasi esa 3045 mmni tashkil etadi. Bu ko‘rsatkichlar bo‘yicha Linghui M9 BYD Xia’dan 55 mm uzunroq.

Miniven saloni 2+2+3 sxemasidagi yetti o‘rindiqli konfiguratsiyaga ega. Boshlang‘ich versiyada 12,8 dyuymli sensorli ekran va 12,3 dyuymli raqamli asboblar paneli o‘rnatilgan. Yuqori komplektatsiyada esa 15,6 dyuymli asosiy ekran qo‘llanadi. Avtomobil DiLink 100 multimedia tizimi, to‘rt zonali ovozli yordamchi va Huawei HiCar funksiyasi bilan jihozlangan.

Foto: BYD

Yuqori talqinda old va ikkinchi qatordagi o‘rindiqlar isitish, ventilyatsiya va massaj funksiyalariga ega. Ikkinchi qator yo‘lovchilari uchun yig‘iladigan stollar ham ko‘zda tutilgan. Shuningdek, Linghui M9 12 ta dinamikli audio tizim va uzluksiz sozlanadigan amortizatorli osma bilan taklif etiladi.

Qo‘shimcha imkoniyatlar

BYD Linghui M9 DM-i plug-in hybrid tizimi asosida harakatlanadi. U 1,5 litrli turbo benzin dvigateli va elektromotordan iborat. Ichki yonuv dvigateli 147 ot kuchi, elektromotor esa 268 ot kuchi ishlab chiqaradi. Miniven 100 km/soat tezlikka 8,9 soniyada chiqadi. 26,6 kVt·soat sig‘imli LFP batareya hisobiga avtomobil faqat elektr rejimida 118 kmgacha yura oladi. 50 litrli yoqilg‘i baki bilan aralash yurish zaxirasi 1105 kmga yetadi.

Model xaridorlarga 5 yilgacha muddatli kredit asosida ham taklif qilinadi. BYD birinchi egasi uchun tijorat maqsadida ishlatilmaydigan elektr komponentlarga umrbod kafolat, butun avtomobilga 6 yil yoki 150 ming km, tijorat elektr komponentlariga esa 6 yil yoki 600 ming km kafolat beradi.

Qaynoq24.uz BYD Chazor elektromobili qanday kamchiliklarga ega ekanligi haqida yozgan edi.

TAGGED:
Ushbu maqolani ulashish
Obuna bo‘ling:
2006-yilda Samarqand viloyati Urgut tumanida tug‘ilgan. Denov tadbirkorlik va pedagogika instituti talabasi. Kompyuter texnologiyalari, sport, iqtisodiy mavzularda yozishni yoqtiradi. Muvaffaqiyatli shaxslar va huquqiy mavzularda maqolalari chop etilgan. Jonibek Juraqulov Qaynoq24.uz nashrining ma’sul jurnalisti ham hisoblanadi. Aloqa uchun: j.juraqulov@qaynoq24.uz

Qaynoq24 — Oʻzbekiston va dunyodagi eng soʻnggi yangiliklarni tezkor, ishonchli va xolisona tarzda taqdim etuvchi yangiliklar portali.