Samsung Hindistonda Samsung Galaxy M47 smartfonini rasman taqdim etdi. Bu haqda Sammobile nashri xabar bermoqda.
Kompaniya yangi o‘rta segment modelini bir haftadan ko‘proq vaqt davomida tizerlar orqali ko‘rsatib kelgan edi. Galaxy M47 texnik jihatdan Galaxy A27’ning biroz o‘zgartirilgan talqini hisoblanadi, biroq u kattaroq batareya, tezroq quvvatlash va yorqinroq rang variantlari bilan ajralib turadi.
Smartfon Hindistonda ayrim kredit va debet kartalariga beriladigan chegirmadan so‘ng 22 999 rupiy, ya’ni taxminan 245 dollar narxda sotiladi. Hozircha Samsung qurilmaning rasmiy MRP narxini e’lon qilmagan. Galaxy M47 Amazon India orqali Blue va Red ranglarida taklif etiladi. Savdolar 2026-yil 4-iyuldan boshlanishi rejalashtirilgan.
Galaxy M47 6,7 dyuymli Super AMOLED displey bilan jihozlangan. Ekran Full HD+ aniqlikni, 120 Hz gacha yangilanish tezligini qo‘llab-quvvatlaydi va old kamera uchun punch-hole kesimiga ega. Old tomonda 12 megapikselli selfi kamera joylashgan.
Orqa tomonda esa optik stabilizatsiyaga ega 50 megapikselli asosiy kamera, 5 megapikselli ultra keng burchakli kamera va 2 megapikselli makro kamera mavjud. Old kamera ham, asosiy orqa kamera ham 4K formatda 30 kadr/soniya tezlikda video yozishi mumkin.

Qurilma Snapdragon 6 Gen 3 protsessori asosida ishlaydi. Unga 6 GB LPDDR5X operativ xotira va 128 GB UFS 3.1 ichki xotira o‘rnatilgan. Shuningdek, smartfonda gibrid microSD karta uyasi va yon tomonga joylashtirilgan sig‘imli barmoq izi skaneri mavjud.
Galaxy M47 Android 16 asosidagi One UI 8.5 interfeysi bilan qutidan chiqadi. Samsung model uchun olti avlodgacha Android OS yangilanishi va olti yilgacha xavfsizlik yangilanishlarini va’da qilmoqda. Bu o‘rta segmentdagi qurilma uchun muhim ustunliklardan biri hisoblanadi.
Smartfonning asosiy jihatlaridan biri 6000 mA·soat sig‘imli batareyadir. Qurilma 45 vattgacha simli tezkor quvvatlashni qo‘llab-quvvatlaydi. Bundan tashqari, Galaxy M47 GPS, 5G, LTE, Wi-Fi 5, Bluetooth 5.1, NFC va USB Type-C 2.0 portiga ega.
Qaynoq24.uz Samsung Galaxy A27 smartfonining narxlari e’lon qilingani haqida yozgan edi.


