Germaniyada 50 yildan ortiq vaqt davomida Lada avtomobillarini sotgan Lada Deutschland GmbH bankrot bo‘ldi. Bu haqda DW ma’lum qildi.
Germaniyada Lada avtomobillarining rasmiy importyori bo‘lgan Lada Deutschland GmbH bankrotlik e’lon qildi. Kompaniya bosh ofisi Gamburg yaqinidagi Bukstehude shahrida joylashgan. So‘nggi oylarda u deyarli ishlamay qolgan. Xodimlar soni taxminan o‘n nafargacha qisqargan. Kompaniya biznesni saqlab qolish uchun investor qidirgan. Biroq bu urinishlar natija bermagan.
Lada Deutschland muammolari 2019-yilda boshlangan. O‘sha paytda Rossiyaning «AvtoVAZ» konserni Yevropa Ittifoqidagi ekologik talablar kuchaygani sabab avtomobillarni Yevropaga rasmiy eksport qilishni to‘xtatgan.
Shundan keyin Germaniyadagi importyor Niva yo‘ltanlamaslarini «kulrang import» orqali olib kirishda davom etgan. Ular Germaniya bozorida Lada 4×4 va Lada Taiga nomlari bilan sotilgan. Biroq Rossiyaning Ukrainaga qarshi urushi boshlanganidan keyin vaziyat yanada og‘irlashgan. Rossiyaga qarshi sanksiyalar fonida Germaniyaga yangi avtomobillar va ehtiyot qismlar yetkazib berish deyarli to‘xtagan.
Kompaniya o‘z faoliyatini saqlab qolish uchun Xitoyning JAC va Dayun avtomobillarini import qilishga urinib ko‘rgan. Ammo bu loyiha ham kutilgan natijani bermagan.
2024–2025-yillarda Germaniyada atigi 30 ga yaqin Lada avtomobili sotilgan. Avvalgi yillarda esa mamlakatda har yili ushbu markadagi 1 mingdan ortiq yangi avtomobil ro‘yxatdan o‘tkazilgan. Lada Deutschland Germaniyadagi koreys avtosanoati tarixida ham iz qoldirgan. Kompaniya 1990-yillar boshida o‘z sho‘ba tuzilmasi orqali Kia avtomobillarini Germaniyaga rasmiy olib kirgan ilk importyorlardan biri bo‘lgan.
«AvtoVAZ» Lada avtomobillarini Rossiyaning Tolyatti shahridagi asosiy zavodda ishlab chiqaradi. Shuningdek, kompaniya avtomobillari litsenziya asosida Qozog‘iston, Misr va Ekvadorda ham yig‘iladi.
Qaynoq24.uz Lada Azimut avtomobili gibrid versiyada chiqishi mumkinligi haqida yozgan edi.

