Geely kompaniyasi tomonidan Geely Monjaro i-HEV gibrid krossoveri Xitoyda rasman taqdim etildi. Model 100 kmga 4,75 litr yoqilg‘i sarfi bilan ajralib turadi.
Yangi model 2021-yilda taqdim etilgan Monjaro platformasida yaratilgan. Avtomobil i-HEV texnologiyasi asosida ishlaydi. Bu tizim benzin dvigateli va elektr motor kombinatsiyasidan iborat. Batareya kichik bo‘lgani sababli u uzoq masofani faqat elektrda bosib o‘ta olmaydi.

Krossover dizayni deyarli o‘zgarmagan. Old qismida katta radiator panjarasi va to‘g‘ri shaklli faralar mavjud. Orqa qismda yagona chiroq liniyasi qo‘llangan. Yangi versiya maxsus g‘ildiraklar va rang bilan farqlanadi.
Salon besh o‘rindiqli. Old panelda uchta ekran joylashgan. Ikki dona 14,6 dyuymli displey va 12,3 dyuymli panel mavjud. Shuningdek, 25,6 dyuymli proyeksiya displeyi ham bor. Avtomobilda simsiz quvvatlash, panoramik tom va massaj funksiyali o‘rindiqlar mavjud.

Monjaro i-HEV 1,5 litrli turbo dvigatel bilan jihozlangan. Uning quvvati 120 kWni tashkil etadi. Ikki elektr motor bilan umumiy tizim samaradorligi oshirilgan. Avtomobil 0 dan 100 km/soatgacha 8,3 soniyada tezlashadi.
Krossover maksimal 180 km/soat tezlikka chiqadi. U ayrim holatlarda 66 km/soatgacha faqat elektrda harakatlana oladi. Model faqat old g‘ildirakdan tortish tizimi bilan taklif etiladi. Geely Monjaro i-HEV narxi 145,7 ming yuandan boshlanadi. Bu taxminan $21 mingga teng.
Qaynoq24.uz Geely Emgrand i-HEV avtomobili rekord o‘rnatgani haqida yozgan edi.

