BYD kompaniyasi tomonidan yangi BYD Sealion 08 elektromobili Xitoyda ilk bor namoyish etildi. Bu haqda CNC xabar berdi.
Yangi model Ocean seriyasiga kiradi va “Marine Aesthetics” dizayn uslubida yaratilgan. Avtomobil uzunligi 5,1 metrga yaqin bo‘lib, keng salon va zamonaviy tashqi ko‘rinishga ega. U hajmi jihatidan premium segmentdagi yirik yo‘ltanlamaslar bilan raqobatlasha oladi.

Sealion 08 besh yoki olti o‘rindiqli variantlarda taklif etiladi. Salon zamonaviy texnologiyalar bilan jihozlangan. Avtomobilda pnevmatik osma, orqa g‘ildiraklarni boshqarish tizimi va ilg‘or xavfsizlik yechimlari qo‘llangan.
Modelning asosiy ustunligi — uning texnik ko‘rsatkichlari. Ikki dvigatelli to‘liq uzatma tizimi 643 ot kuchigacha quvvat beradi. Natijada avtomobil 0 dan 100 km/soat tezlikka taxminan 5 soniyada chiqadi.

Bir zaryad bilan yurish masofasi 900 kilometrgacha yetadi. Bu ko‘rsatkich hozirgi elektromobillar orasida eng yuqori darajalardan biri hisoblanadi. Shuningdek, tezkor zaryadlash texnologiyasi yordamida batareya qisqa vaqt ichida deyarli to‘liq quvvatlanadi. Nashr fikricha, Sealion 08 global bozor uchun ham mo‘ljallangan. Model joriy yil davomida sotuvga chiqishi kutilmoqda. Uning narxi taxminan 300 ming yuan, ya’ni qariyb $44 ming atrofida bo‘lishi mumkin.

Ma’lumotlarga ko‘ra, BYD 2026-yilning birinchi choragida dunyo bo‘ylab 680 mingdan ortiq avtomobil sotgan. Sotuvlarning yarmidan ko‘pi eksport hissasiga to‘g‘ri kelgan.
Qaynoq24.uz Tracker 2026 avtomobili O‘zbekistonda qachon chiqishi haqida yozgan edi.

