Samarqand viloyatining Ishtixon tumanida elektr tarmog‘iga ruxsatsiz ulangan noqonuniy “mayning” faoliyati aniqlandi. Oddiy xonadon ertolasida yuzga yaqin ASIK qurilmasi maxsus qoplama bilan o‘ralgan holda yashirincha ishlagan.
Tekshiruvda ushbu faoliyatni Y.H tashkil etgani ma’lum bo‘ldi. U bir necha yil avval Toshkentda o‘qigan va oilaviy korxona egasi bo‘lgan. Y.H qurilmalarni Telegram orqali sotib olgan. Dastlab 14 dona o‘rnatgan, keyin esa sonini 89 donagacha ko‘paytirgan.
“Bitkoin fabrikasi” elektr hisoblagichsiz ishlagan. Qurilmalar to‘g‘ridan to‘g‘ri transformatorga ulangan. Natijada tuman elektr korxonasiga 1 mlrd 947 mln so‘mdan ortiq zarar yetgan.
Sud jarayonida uning aybi to‘liq tasdiqlandi. Y.H Jinoyat kodeksining 169-moddasi 4-qismi “a” bandi va 278-9-moddasi 3-qismi “b” bandi bilan aybli deb topilib, 8 yil 6 oyga ozodlikdan mahrum qilindi.
Mutasaddilar bunday yashirin “mayning” elektr tizimiga katta zarar yetkazishini va og‘ir javobgarlikka olib kelishini eslatdi. Buxoroda ham ilgari shunga o‘xshash “mayning ferma” fosh etilgani, 1 mlrd so‘mlik elektr talon-toroj qilingani ma’lum qilingandi.
Avvalroq Qaynoq24.uz internet nashri Toshkentda 380 litr spirt sotgan shaxs ushlangani haqida yozgan edi.

