Raqamli texnologiyalar hayotning barcha sohalariga kirib kelayotgan bir paytda insonlarning onlayn makondagi xavfsizligi, erkinligi va himoyasi ham dolzarb masalaga aylandi. Shu bois raqamli huquq bugungi jamiyat uchun zarur bo‘lgan eng muhim tushunchalardan biriga aylandi.
Zamonaviy jurnalistikani rivojlantirish markazi tomonidan tashkil etilgan navbatdagi Media akademiya mashg‘ulotlari aynan shu mavzuda o‘tkazildi.

Mashg‘ulotlarda OAV xodimlari “O‘zbekistonning OAVda raqamli huquqlar sohasidagi tashabbusi” (UDRMI – Uzbekistan Digital Rights Media Initiative) loyihasi doirasida “raqamli huquqlar” tushunchasi va uning inson huquqlari bilan bog‘liqligi haqida bilim oldi.
Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston va O‘zbekiston Respublikasida faoliyat yuritayotgan tajribali mutaxassislar — Roman Reymer, Olga Didenko, Artyom Goryanov, Asomidin Atoev, Emil Faxreyev va Dilfuza Mirzaxmedovalar ishtirokchilarga bir qator muhim mavzularda nazariy va amaliy darslar o‘tdi.

Treninglarda “Raqamli huquqlar va huquqiy himoyaga kirish”, “Internetda fikr bildirish erkinligi”, “Ifodalash erkinligi va axborot tarqatishning huquqiy jihatlari”, “Axborotdan foydalanish”, “Internet erkinligi”, “Shaxsiy hayot daxlsizligi va shaxsiy ma’lumotlarni himoya qilish huquqi”, “Jurnalistika va sun’iy intellekt”, “Internetdagi maxfiylik”, “Raqamli barqarorlik va ma’lumotlar bilan mas’uliyatli ishlash” kabi mavzular yoritildi.

Raqamli huquq, avvalo, fuqarolarning onlayn makondagi shaxsiy ma’lumotlarini himoya qiladi. Internet xizmatlaridan foydalanishda pasport ma’lumotlari, bank kartalari, manzillar yoki xususiy fayllar uzatiladi. Agar bu jarayon qonuniy tartibga solinmasa, ma’lumotlar o‘g‘irlanishi yoki noqonuniy tarqatilishi ehtimoli kuchayadi.
Yana bir muhim yo‘nalish — raqamli xavfsizlik. Onlayn firibgarliklar, feyk akkauntlar va kibertahdidlar soni ortib borayotgan sharoitda har bir foydalanuvchi o‘z huquqlarini bilishi kerak. Raqamli huquq ana shu tahdidlarga nisbatan aniq himoya mexanizmlarini belgilaydi.

Raqamli huquq nafaqat fuqaroga, balki davlat va biznesga ham kerak. Onlayn xizmatlar soni ko‘paygani sayin, ularni boshqarish, tartibga solish va qonuniy asosda yo‘lga qo‘yish muhim. Elektron hukumat tizimi, masofaviy xizmatlar, onlayn shartnomalar — bularning barchasi huquqiy asosga ega bo‘lishi lozim.
Jamiyat ham raqamli madaniyatga tayyor bo‘lishi shart. Insonlar internetdagi xatti-harakatlari, kontent almashish, shaxsiy hayotni himoya qilish yoki raqamli mulk masalalarida aniq me’yorlarga tayanishi zarur. Raqamli huquq ana shu madaniyatni shakllantirishga xizmat qiladi.
“Unutilish” huquqi nima?

Dasturning eng muhim jihatlaridan biri “Unutilish huquqi” bo‘ldi. Dastavval bu tushunchaga aniqlik kiritamiz.
“Unutilish huquqi” — bu insonning internetda uning shaxsiy hayoti, sha’ni yoki xavfsizligiga zarar yetkazishi mumkin bo‘lgan ma’lumotlarni o‘chirib tashlashni yoki omma ko‘zidan yashirishni talab qilish huquqidir.
Bu huquq asosan uch holatda qo‘llanadi:
- Shaxsiy hayotni himoya qilish uchun. Masalan, uy zo‘ravonligi, jinsiy jinoyatlar yoki voyaga yetmaganlarga oid nozik ma’lumotlar internetda tarqalgan bo‘lsa.
- Xavfsizlikni ta’minlash uchun. Insonning manzili, telefon raqami yoki boshqa maxfiy ma’lumotlari ruxsatsiz tarqatilgan bo‘lsa.
- Noaniq, yolg‘on yoki eskirgan ma’lumotlarga qarshi. Insonni haqorat qiladigan, tasdiqlanmagan yoki yillar oldin tarqalib, dolzarbligini yo‘qotgan ma’lumotlar bo‘lsa.

Mediatrener Roman Reymerning ta’kidlashicha, “unutilish huquqi” ayrim holatlarda qo‘llanishi mumkin. Masalan, bu huquqdan uy ichidagi zo‘ravonlik qurboni yoki jinsiy jinoyatlar qurboni, ayniqsa, agar u voyaga yetmagan bo‘lsa, foydalanishi adolatli va eng muhimi, mantiqan to‘g‘ri bo‘ladi.
Ammo agar “unutilish huquqi”ni kimdir o‘z obro‘yini “tozalash” uchun qo‘llasa adolatsizlik bo‘lishi mumkin. Ayniqsa u davlat tizimida lavozim egallagan bo‘lsa yoki shunday lavozimga da’vogar bo‘lsa bunday holatda ushbu huquq qo‘llanishi mumkin emas. Chunki bunday vaziyatda “unutilish huquqi” jamiyat manfaatlariga zid keladi.
