Buxoro viloyatida yangi tug‘ilgan chaqaloqni sotmoqchi bo‘lgan ayol ushlandi. Bu haqda viloyat IIB xabar berdi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, 2008-yilda tug‘ilgan, Buxoro tumanida yashovchi ayol o‘zining endigina uch kunlik qiz farzandini sotishga uringan. U chaqaloqni 4000 AQSh dollariga sotishni rejalashtirgan.
Tezkor tadbir davomida gumonlanuvchi kelishilgan summaning bir qismini olayotgan vaqtda qo‘lga olindi. U shartli mijozdan 800 dollar olayotgan paytda ashyoviy dalillar bilan jinoyat ustida ushlandi. Mazkur holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Ish O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 135-moddasi uchinchi qismi “B” bandi bilan malakalandi.
Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda. Huquq-tartibot organlari voqea tafsilotlarini aniqlamoqda.
Qaynoq24.uz “Ko‘mir ta’minot” MChJ mansabdoriga jinoyat ishi qo‘zg‘atilgani haqida yozgan edi.

