2025-yilning uchinchi choragida O‘zbekistonda ishsizlik darajasi 4,9% ni tashkil etdi. Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, bu o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 0,8 punktga past ko‘rsatkichdir.
Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, mamlakat aholisi 37,8 mln kishiga yetgan. Mehnat resurslari hajmi 20,35 mlnni tashkil etib, bir yil ichida 1,9% yoki 387,3 ming kishiga ko‘paygan. Iqtisodiy faol aholi soni 15,57 mln, band aholining o‘zi esa 14,81 mln kishiga yetgan — bu 4,1% yoki 579,6 ming kishilik o‘sish demakdir.

Bandlik tarkibi bo‘yicha 2025-yilda rasmiy sektorda ish bilan bandlar soni 8,58 mln kishiga yetdi, bu o‘tgan yilga nisbatan 17 foiz yoki 1,24 mln kishiga ko‘pdir. Norasmiy sektordagi bandlik esa 4,38 mln kishiga tushib, 26,9 foiz yoki 1,17 mln kishiga kamaygan. Shu bilan birga, chet elda ishlayotganlar soni 1,86 mln kishiga yetib, 512 ming kishiga ortgan.
Ish izlayotganlar 760 ming kishini tashkil qilmoqda. Yil davomida jami 4,45 mln fuqaro daromadli mehnat bilan ta’minlangan. Ulardan 1,29 mln qishloq xo‘jaligida, 2,74 mln xizmat ko‘rsatish sohasida, 172,3 ming nafari qurilishda, 256,2 ming kishi esa investitsiya loyihalari orqali ish bilan band bo‘lgan.
Avvalroq Qaynoq24.uz nashri O‘zbekistonda aholining umr ko‘rish davomiyligi oshgani haqida yozgan edi.

