Iroqda parlament saylovida bosh vazir as-Sudani birlashmasi g‘olib chiqdi

Iroq bayrog‘i / Foto: Freepik
Mohinur Rajabova
2 Daqiqa o‘qish

Iroqda o‘tkazilgan parlament saylovida amaldagi bosh vazir Muhammad as-Sudani boshchiligidagi “Qurilish va rivojlanish birlashmasi” eng ko‘p ovoz to‘pladi. Bu haqda DW xabar bermoqda. Markaziy saylov komissiyasining ma’lum qilishicha, ushbu ittifoq 1,3 mln dan ortiq ovoz olgan.

Dastlabki natijalarga ko‘ra, ikkinchi o‘rinni 1 mln dan ortiq saylovchi qo‘llab-quvvatlagan Kurdiston demokratik partiyasi egalladi. Uchinchi o‘rinda esa 945 mingga yaqin ovoz bilan sobiq parlament spikeri Muhammad al-Halbusiy boshchiligidagi sunniylar bloki turibdi.

Iroqda 46 mln aholining 21 mln nafari ovoz berish huquqiga ega. Bu safargi saylovda ishtirok etish darajasi 56,1 foizni tashkil qildi. 2021-yilgi parlament saylovida bu ko‘rsatkich bundan 12 punkt past bo‘lgan.

Foto: Hadi Mizban / AP

Muhammad as-Sudani premьer sifatida ikkinchi muddatni davom ettirmoqchi, biroq siyosiy ittifoqlardagi kelishmovchiliklar sabab yangi hukumatni shakllantirish ancha cho‘zilishi mumkin. Kuzatuvchilar muzokaralar bir necha hafta yoki hatto bir necha oy davom etishini aytmoqda.

Iroq parlamentida 329 ta o‘rin bor. Ularning chorak qismi ayollar uchun ajratilgan. Bu safargi saylovda 7740 dan ortiq nomzod deputatlik o‘rinlari uchun kurashdi. Jarayonni BMT va Arab davlatlari ligasi vakillari ham kirgan 300 nafar xalqaro kuzatuvchi nazorat qildi.

Saylovlar yillar davom etgan urushlar va bosimlar oqibatida siyosiy beqarorlik hukm surayotgan mamlakatda bo‘lib o‘tdi. Mutaxassislarning ta’kidlashicha, Iroqda ovoz berish ko‘pincha siyosiy dasturlarga emas, balki etnik va diniy mansublikka bog‘liq bo‘ladi.

Avvalroqa Qaynoq24.uz nashri Tanzaniyada saylov tartibsizliklaridan keyin kamida 240 kishi davlatga xiyonatlikda ayblangani haqida yozgan edi.

TAGGED:
Ushbu maqolani ulashish
Obuna bo‘ling:
Jurnalist, tarjimon. 2003-yilda Surxandaryoda tug‘ilgan. Mutaxassisligi filolog. Aloqa uchun: message@qaynoq24.uz
Sharhlar mavjud emas

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

Qaynoq24 — Oʻzbekiston va dunyodagi eng soʻnggi yangiliklarni tezkor, ishonchli va xolisona tarzda taqdim etuvchi yangiliklar portali.