Venesuelada harbiy safarbarlik joriy qilindi. Bu haqda mudofaa vaziri Vladimir Padrino Lopes ma’lum qildi. Qaror AQSh tahdididan keyin qabul qilingani aytilmoqda.
Vazirga ko‘ra, prezident Nikolas Maduro topshirig‘iga binoan quruqlik, havo, dengiz va zaxira kuchlari chorshanbagacha keng ko‘lamli mashg‘ulotlar o‘tkazadi.
Mashg‘ulotlarda muntazam qo‘shinlar bilan birga Bolivarian militsiyasi ham qatnashadi. Bu tuzilma oddiy fuqarolardan tashkil topgan bo‘lib, uni sobiq prezident Ugo Chaves yaratgan.
AQSh esa mintaqaga kuchlarini joylashtirishni davom ettirmoqda. Seshanba kuni AQSh Harbiy-dengiz kuchlari mamlakatning eng yirik harbiy kemasi USS Gerald R. Ford Janubiy qo‘mondonlik hududiga yetib kelganini bildirdi. Kemaning guruhida to‘qqizta aviaskadron, ikkita Arleigh Burke sinfidagi esminets, havo va raketa mudofaasi kemasi USS Winston S. Churchill hamda 4 mingdan ortiq harbiy xizmatchi bor.

Vashington bu harakatlarini giyohvand moddalar kontrabandasiga qarshi kurash deb izohladi. So‘nggi haftalarda AQSh qo‘shinlari bir nechta giyohvandlikka aloqador deb baholangan qayiq va kemalarga zarba bergan.
Karakas esa AQShni Maduro hokimiyatini ag‘darishga urinayotganlikda ayblamoqda. Donald Tramp avvalroq Markaziy razvedka boshqarmasiga Venesuelada operatsiyalar o‘tkazishga ruxsat berganini aytgandi.
Padrino Lopes Venesuela kuchlarining safarbarligi “Independence Plan 200” doirasida amalga oshirilayotganini ta’kidladi. Rejaga ko‘ra, mamlakatning harbiy, militsiya va politsiya kuchlari birgalikda tahdidlarga qarshi mudofaa tizimini mustahkamlaydi.
Avvalroq Qaynoq24.uz nashri London kemalarga qilingan hujum sabab AQSh bilan ma’lumot almashishni to‘xtatgani haqida yozgan edi.

