16-noyabr kuni Toshkent shahrida Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining 7-Maslahat uchrashuvi bo‘lib o‘tadi.
O‘zbekiston mezbonlik qiladigan sammitda mintaqa davlatlari yetakchilari – Qozog‘iston Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev, Qirg‘iziston Prezidenti Sadir Japarov, Tojikiston Prezidenti Imomali Rahmon, Turkmaniston Prezidenti Serdar Berdimuhammedov qatnashishi kutilmoqda.
Shuningdek, Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyev ham Toshkent sammitiga taklif qilingan.
Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining Maslahat uchrashuvi
Bu uchrashuvlar O‘zbekiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston va Turkmaniston prezidentlarini bir stol atrofida jamlab, umumiy muammolar va istiqboldagi hamkorlik yo‘nalishlarini muhokama qilish imkonini beradi. Format 2018-yilda yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, mintaqa davlatlari o‘rtasidagi ishonch, ochiqlik va o‘zaro hurmat tamoyillariga asoslanadi.
Maslahat uchrashuvining asosiy maqsadi — Markaziy Osiyoda barqarorlikni mustahkamlash, savdo va iqtisodiy aloqalarni kengaytirish, transport va energetika integratsiyasini rivojlantirish va ekologiya, xususan Aral dengizi bilan bog‘liq muammolarga birgalikda yechim topishdir. Shu bilan birga, mintaqani yagona tarixiy va madaniy makon sifatida rivojlantirish, turizm salohiyatini oshirish va yoshlar almashinuvini kuchaytirish ham muhim yo‘nalishlardan biridir.
Uchrashuvlar davomida rahbarlar suv, energetika, migratsiya, xavfsizlik, Afg‘onistondagi vaziyat, raqamli iqtisodiyot, logistika va transport koridorlari kabi dolzarb masalalarni muhokama qilib kelmoqda. Har bir yig‘ilishda davlatlar o‘rtasidagi hamkorlik yanada kengayib, yangi tashabbuslar ilgari suriladi. Misol uchun, so‘nggi yillarda mintaqada yagona turistik brend yaratish, yuk tashish yo‘laklarini soddalashtirish, ekologik xavfsizlikni oshirish va suv-energetika balansini uyg‘unlashtirish bo‘yicha muhim qarorlar qabul qilindi.
Maslahat uchrashuvi rasmiy tashkilot bo‘lmasa-da, u Markaziy Osiyoni jahon siyosatida yaxlit mintaqa sifatida ko‘rsatadigan, davlatlar o‘rtasida ishonchni mustahkamlaydigan va ko‘p tomonlama hamkorlikni yangi bosqichga ko‘taradigan muhim muloqot maydonidir. Rahbarlarning bunday darajadagi muntazam muloqoti nafaqat siyosiy barqarorlikni, balki iqtisodiy o‘sishni ham rag‘batlantiradi.
Qaynoq24.uz nashri Qozog‘iston Prezidenti Qasim-Jomart Toqayev O‘zbekistonga tashrif buyurishi haqida yozgan edi.

