Sirdaryo va Jizzaxdagi tibbiyot muassasalari 440 mln so‘mni qaytaradi

Foto: Depositphotos
Jonibek Juraqulov
2 Daqiqa o‘qish

Raqobat qo‘mitasi Sirdaryo va Jizzax viloyatlaridagi tibbiyot muassasalarida qonunbuzilish holatlarini aniqladi. O‘rganishlarda qariyb 350 ming fuqarodan 440 mln so‘mga yaqin mablag‘ asossiz olingani ma’lum bo‘ldi.

Qo‘mita aholiga ko‘rsatilayotgan pullik tibbiy xizmatlar narxi qanday shakllantirilayotganini o‘rganmoqda. Sirdaryo viloyatida Guliston tibbiyot klasteri faoliyati tekshirildi.

O‘rganishlarga ko‘ra, muassasa 2024-yil davomida ko‘rik yo‘nalishidagi xizmatlar bo‘yicha xatolikka yo‘l qo‘ygan. Xususan, bilvosita xarajatlarni taqsimlash koeffitsiyentini hisoblashda noto‘g‘ri yondashuv qo‘llangan.

Natijada 110 ta pullik tibbiy xizmat turi bo‘yicha qariyb 100 ming iste’molchidan ortiqcha pul olingan.

Ushbu holat bo‘yicha asossiz daromad miqdori 340 mln so‘mga yaqin bo‘lgan. Raqobat qo‘mitasining Sirdaryo viloyati hududiy boshqarmasi Guliston tibbiyot klasteriga majburiy ko‘rsatma berdi. Unga ko‘ra, muassasa 340 mln so‘mga yaqin mablag‘ni iste’molchilarga qaytarishi kerak.

Jizzax viloyatida esa Respublika ixtisoslashtirilgan ona va bola salomatligi ilmiy-amaliy tibbiyot markazi filiali o‘rganildi. Tekshiruvda 2023, 2024 va 2025-yillarda pullik tibbiy xizmatlar noto‘g‘ri hisoblangani aniqlandi.

Buning oqibatida qariyb 40,5 ming mijozdan 100 mln so‘mdan ortiq mablag‘ asossiz olingan. Mazkur holat bo‘yicha Jizzax filialiga nisbatan belgilangan tartibda ish qo‘zg‘atildi. Hududiy boshqarma Maxsus komissiyasi 100 mln so‘mdan ortiq mablag‘ni iste’molchilarga qaytarish bo‘yicha majburiy ko‘rsatma berdi.

Qo‘mita iste’molchilarga ko‘rsatilayotgan xizmatlar bo‘yicha to‘g‘ri va tushunarli ma’lumot berilishi shartligini eslatdi.

Qonunchilikka ko‘ra, ko‘rsatilmagan xizmatlar uchun haq olish yoki qo‘shimcha xizmatdan foydalanishga majburlash taqiqlanadi.

Qaynoq24.uz Samarqandda 11 ta metan zapravkaga jarima qo‘llangani haqida yozgan edi.

Ushbu maqolani ulashish
Obuna bo‘ling:
2006-yilda Samarqand viloyati Urgut tumanida tug‘ilgan. Denov tadbirkorlik va pedagogika instituti talabasi. Kompyuter texnologiyalari, sport, iqtisodiy mavzularda yozishni yoqtiradi. Muvaffaqiyatli shaxslar va huquqiy mavzularda maqolalari chop etilgan. Jonibek Juraqulov Qaynoq24.uz nashrining ma’sul jurnalisti ham hisoblanadi. Aloqa uchun: j.juraqulov@qaynoq24.uz
Sharhlar mavjud emas

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

Qaynoq24 — Oʻzbekiston va dunyodagi eng soʻnggi yangiliklarni tezkor, ishonchli va xolisona tarzda taqdim etuvchi yangiliklar portali.