O‘zbekistonda 2026-yilning yanvar–may oylarida norasmiy sektor tomonidan 26,7 trln so‘mlik qurilish ishlari amalga oshirildi. Bu jami qurilish ishlarining 25,4 foiziga teng, deb xabar berdi Milliy statistika qo‘mitasi.
Qayd etilishicha, norasmiy sektorda bajarilgan qurilish ishlari hajmi 2025-yilning mos davriga nisbatan 14,6 foizga o‘sgan. Shunday qilib, mamlakatdagi qurilish ishlarining qariyb har to‘rtinchi qismi ushbu sektor hissasiga to‘g‘ri keldi.
Hisobot davrida O‘zbekistonda jami 104,9 trln so‘mlik qurilish ishlari bajarilgan. Ularning eng katta qismi kichik korxona va mikrofirmalar tomonidan amalga oshirilgan. Ushbu toifadagi subyektlar hissasiga 50,8 trln so‘mlik yoki jami qurilish hajmining 48,5 foizi to‘g‘ri kelgan.
Yirik qurilish tashkilotlari esa yanvar–may oylarida 27,4 trln so‘mlik ishlarni bajargan. Bu umumiy ko‘rsatkichning 26,1 foizini tashkil etgan. Natijada kichik korxona va mikrofirmalar qurilish bozorida yetakchi bo‘lib qolgan. Yirik tashkilotlar va norasmiy sektorning umumiy qurilish hajmidagi ulushi esa deyarli tenglashgan.
Qaynoq24.uz qurilish hujjatlari qiymatini hisoblash tartibi belgilangani haqida yozgan edi.


