Andijon viloyatida fuqaroning 680 ming so‘mlik elektr qarzdorligini 34 mln so‘m deb ko‘rsatgan elektromontyor ushlandi.
Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Andijon viloyati boshqarmasi va boshqa huquqni muhofaza qiluvchi organlar hamkorligida tezkor tadbir o‘tkazildi. Unda Qo‘rg‘ontepa tumani “So‘fi qishloq” podstansiyasi navbatchi elektromontyori F.X.ning noqonuniy harakati fosh etildi.
Ma’lum qilinishicha, u fuqaro F.D.ning Jalaquduq tumani “Namuna” MFY hududidagi xonadonida elektr energiyasidan 680 ming so‘m qarzdorlik borligini bilgan. Shunga qaramay, elektromontyor ushbu qarzdorlikni 34 mln so‘m deb yolg‘on ko‘rsatgan. U fuqaroga 17 mln so‘m bersa, qarzdorlikni yo‘q qilib berishini va’da qilgan.

Tezkor tadbir davomida F.X. 17 mln so‘mni olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan. Holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi, ya’ni firibgarlik moddasi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.
Qaynoq24.uz 8,6 mlrd so‘mlik elektr energiyasidan noqonuniy foydalanilgani aniqlangani haqida yozgan edi.

