O‘zbekistonda 2026-yilgi Qurbon hayiti 27-may, chorshanba kuni keng nishonlanadi. Bu haqda prezident Shavkat Mirziyoyev qaror imzoladi.
Qarorda O‘zbekiston musulmonlari idorasining Qurbon hayitining birinchi kuni 27-mayga to‘g‘ri kelishi haqidagi axboroti ma’lumot uchun qabul qilingani qayd etilgan. Mehnat kodeksining 208-moddasiga ko‘ra, Qurbon hayitining birinchi kuni ishlanmaydigan bayram kuni hisoblanadi.
Shuningdek, 2026-yilda rasmiy sanalarni nishonlash davrida qo‘shimcha dam olish kunlarini belgilash to‘g‘risidagi farmonga muvofiq, 28-may, payshanba va 29-may, juma kunlari barcha xodimlar uchun qo‘shimcha dam olish kuni bo‘ladi. Olti kunlik ish haftasida ishlaydigan xodimlar uchun 30-may, shanba kuni ham qo‘shimcha dam olish kuni etib belgilangan.
Shu tariqa, besh kunlik ish haftasida ishlaydigan xodimlar Qurbon hayiti munosabati bilan 27-maydan 31-maygacha ketma-ket besh kun dam oladi. Olti kunlik ish haftasida ishlaydiganlar esa 27-maydan 30-maygacha dam oladi. Qarorda hududlarda Qurbon hayitini milliy an’ana va urf-odatlarga mos holda, ko‘tarinki kayfiyatda o‘tkazish bo‘yicha chora-tadbirlar amalga oshirilishi belgilandi.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari Din ishlari bo‘yicha qo‘mita, O‘zbekiston mahallalari uyushmasi, Ijtimoiy himoya milliy agentligi va boshqa tashkilotlar bilan hamkorlikda bayram tadbirlarini tashkil etadi.
Qaynoq24.uz o‘zbekistonliklar Qurbon hayitida necha kun dam olishi haqida yozgan edi.

