Nukus shahrida o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida savdo do‘koni orqali ruxsatsiz dori vositalari sotgan shaxslar qo‘lga olindi. Bu haqda Prokuratura huzuridagi iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xabar bermoqda.
Departamentning Nukus bo‘limi, Bojxona va IIB xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan tadbirda fuqarolar J.B. va P.D. YATT “B.X.”ga qarashli do‘konda noqonuniy dori savdosi bilan shug‘ullanib kelgani aniqlandi.

Tekshiruv vaqtida ular fuqaro M.X.ga inson ruhiyatiga kuchli ta’sir qiluvchi moddalar mavjud bo‘lgan 6 quti “Molecule plus” dori vositasini 2,3 mln so‘mga sotgan paytda ashyoviy dalillar bilan ushlandi.
Mazkur holat bo‘yicha Jinoyat kodeksining 251-1-moddasi asosida jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Tergov harakatlari davom etmoqda.
Avvalroq Qaynoq24.uz internet nashri Toshkentda shifokor retseptisiz kuchli ta’sir qiluvchi dori sotgan dorixonalar aniqlangani haqida yozgan edi.

