“Real Madrid” klubi chet elliklarga sotilishi mumkin. Bu haqda mahalliy Football Espana nashri xabar bermoqda.
23-noyabrga belgilangan «Real Madrid» Bosh assambleyasi oldidan klub atrofida katta noaniqlik yuzaga keldi. Prezident Florentino Peres o‘tgan yili 123 yillik a’zolik tizimini o‘zgartirmoqchi ekanini aytgan edi. Endi esa Ispaniya matbuoti turlicha ma’lumotlar bermoqda.
Xabarlarga ko‘ra, Peres navbatdan tashqari Bosh assambleya chaqirib, klubning boshqaruv modelini o‘zgartirish bo‘yicha takliflarni a’zolarga taqdim etishi mumkin. «Real Madrid» hozir demokratik tizim asosida ishlaydi: 96 mingdan ortiq a’zo klub egasi hisoblanadi va prezidentni saylaydi. Har qanday o‘zgarish referendum orqali tasdiqlanishi va a’zolarning yarmidan ko‘pi tomonidan ma’qullanishi kerak.

Klub xususiy kompaniyaga aylanishi ehtimoli
Bir necha manbalarga ko‘ra, Peres klubni fond birjasida ro‘yxatdan o‘tgan xususiy kompaniyaga aylantirish g‘oyasini ko‘rib chiqmoqda. Har bir a’zoga bitta aksiya berilishi aytilmoqda. Ammo bu aksiyalarni sotish taqiqlanadi, faqat boshqa yoki yangi a’zolarga o‘tkazish mumkin bo‘ladi. Bu qaror klubni xorijiy kapital qo‘liga o‘tishidan himoya qilishga qaratilgani ta’kidlanmoqda.
Klub ulushining 5–10 foizi sotilishi mumkin
El País (via Marca) bergan yangi ma’lumotlarga ko‘ra, Peres aksiyadorlik modelini joriy qilgan holda klubning 5–10 foiz ulushini sotishni ham ko‘rib chiqmoqda. Maqsad — klub hisoblariga qo‘shimcha sarmoya jalb qilish.

«Real Madrid» klubi o‘zini 10 mlrd yevro qiymat bilan baholamoqda. Demak, 10 foiz ulush sotilishi klubga 1 mlrd yevro atrofida mablag‘ kiritadi. Investor esa keyinchalik qo‘shimcha aksiya xarid qilish huquqiga ega bo‘lmaydi.
Bu model klubni a’zolar qo‘lida saqlab qolishni ko‘zda tutadi, biroq ba’zi ekspertlar bunday o‘zgarish xavfli ekanini ta’kidlamoqda, chunki aksiyalar savdosi bo‘yicha qoidalar vaqt o‘tishi bilan yana o‘zgartirilishi mumkin.
Florentino Peresning aniq rejalari Bosh assambleyada ma’lum qilinadi, ammo hozircha «Real Madrid» kelajagi atrofida ko‘plab savollar ochiq qolmoqda.
Avvalroq Qaynoq24.uz nashri Etan Mbappe Jazoir Futbol Federatsiyasiga (FAF) o‘tishi mumkinligi haqida yozgan edi.

