AQSh prezidenti Donald Tramp 2026-yilgi futbol bo‘yicha jahon chempionatida Eron terma jamoasining ishtirokiga qarshi emasligini bildirdi. Bu haqda DW ma’lum qildi.
Trampg aytishicha, agar Janni Infantino shunday qaror qilgan bo‘lsa, bunga e’tirozi yo‘q.
“Mayli, o‘ynashsin”, degan Tramp jurnalistlarga.
Avvalroq FIFA rahbari Infantino Eron 2026-yilgi jahon chempionatida qatnashishini tasdiqlagan edi. Unga ko‘ra, jamoa o‘z o‘yinlarini AQShda o‘tkazadi.
Ma’lum qilinishicha, musobaqa 11-iyunda start oladi va 19-iyulga qadar davom etadi. Eron terma jamoasi guruh bosqichida Los-Anjeles va Sietl shaharlarida uchrashuvlar o‘tkazadi. Eron Yangi Zelandiya, Belgiya va Misr bilan bir guruhdan joy olgan.
Avvalroq Tramp xavfsizlik nuqtayi nazaridan Eronning ishtirokini nomaqbul deb atagan edi. Endi esa u qaror FIFA ixtiyorida ekanini bildirib, qarshi emasligini ma’lum qildi.
Avvalroq Tramp FIFA’dan Eron o‘rniga Italiyani JChga qo‘shishni so‘ragan edi. Ma’lumotlarga ko‘ra, Tramp ma’muriyati Italiyaning tarixiy natijalarini asos qilib ko‘rsatgan. Unga ko‘ra, to‘rt karra jahon chempioni bo‘lgan Italiya turnirda qatnashishga loyiq deb hisoblanmoqda.
Shu bilan birga, bu tashabbus siyosiy aloqalarni mustahkamlash bilan ham bog‘lanayotgani aytilmoqda. Xususan, Italiya bosh vaziri bilan munosabatlarni yaxshilash maqsadi tilga olingan. Biroq mutaxassislar bunday o‘zgarish amalda imkonsiz ekanini ta’kidladi. FIFA reglamentiga ko‘ra, jahon chempionatiga yo‘llanma faqat sport natijalari asosida beriladi.

