AQSh prezidenti Donald Tramp yana Nobel mukofotiga nomzod sifatida ko‘rsatilishi mumkin. Bu haqda Reuters xabar bermoqda.
Norvegiya Nobel instituti direktori Kristian Berg Harpviken ma’lum qilishicha, Tramp nomzodi Kambodja, Isroil va Pokiston yetakchilari tomonidan ilgari surilgan. U 287 nafar ehtimoliy nomzodlar qatoriga kirishi mumkin.
Shu bilan birga, hozircha Trampning nomzodi rasman tasdiqlanmagan. Ma’lum qilinishicha, o‘tgan yil yozida Kambodja bosh vaziri Hun Manet Nobel qo‘mitasiga murojaat yo‘llagan. Unda Trampning “global tinchlikni ilgari surishdagi tarixiy hissasi” e’tirof etilishi taklif qilingan.
Avvalroq 2025-yilgi Nobel mukofoti Mariya Korina Machadoga berilgani xabar qilingan edi. U demokratiyani rivojlantirishdagi sa’y-harakatlari uchun mukofotlangan.
Nobel mukofoti nima va u qanday beriladi

Nobel mukofoti dunyodagi eng nufuzli xalqaro mukofotlardan biri hisoblanadi. U 1895-yilda shved ixtirochisi Alfred Nobel vasiyatiga ko‘ra ta’sis etilgan. Nobel dinamитni ixtiro qilgani bilan tanilgan bo‘lib, u o‘z boyligini ilm-fan va insoniyat taraqqiyotiga hissa qo‘shganlarga beriladigan mukofot uchun qoldirgan.
Mukofot har yili bir nechta yo‘nalish bo‘yicha topshiriladi. Ular orasida fizika, kimyo, tibbiyot yoki fiziologiya, adabiyot va tinchlik yo‘nalishlari mavjud. Keyinchalik iqtisodiyot yo‘nalishi ham qo‘shilgan. Har bir yo‘nalish o‘z komissiyasi tomonidan alohida baholanadi.
Nobel mukofoti laureatlari maxsus tanlov jarayoni orqali aniqlanadi. Nomzodlarni davlatlar, ilmiy muassasalar va nufuzli tashkilotlar tavsiya qiladi. Tanlov jarayoni yopiq bo‘lib, barcha ma’lumotlar 50 yil davomida oshkor qilinmaydi.
Mukofot nafaqat pul mukofoti, balki oltin medal va diplomdan iborat. Pul mukofoti miqdori har yili o‘zgaradi, ammo odatda bir necha million shved kronasini tashkil qiladi. Tinchlik mukofoti Oslo shahrida, qolgan yo‘nalishlar esa Stokgolmda topshiriladi.
Qaynoq24.uz Mariya Machado Nobel medalini Trampga hadya etgani haqida yozgan edi.

