Google Yevropada rekord antimonopol jarima bo‘yicha apellyatsiyani yutqazdi

Foto: Unsplash
Mohinur Rajabova
2 Daqiqa o‘qish

Alphabet kompaniyasiga qarashli Google Yevropada Android bilan bog‘liq antimonopol ish bo‘yicha apellyatsiyani yutqazdi. Yevropa Ittifoqining eng yuqori sud instansiyasi kompaniyaga nisbatan qo‘llangan €4,1 mlrd miqdoridagi jarimani qonuniy deb topdi.

Bloomberg xabariga ko‘ra, Yevropa sudi 2-iyul kuni Google’ning shikoyatini rad etdi. Sud Yevrokomissiyaning kompaniyani Android’ning bozordagi mavqeidan suiiste’mol qilgani uchun jarimaga tortish haqidagi qarorini asosli deb hisoblagan.

Mazkur qaror yuridik jihatdan majburiy hisoblanadi. Bloomberg bu holatni 2018-yildan beri Google bilan sudlashib kelayotgan Yevropa regulyatori uchun muhim g‘alaba sifatida baholagan.

Ish nimadan boshlangan?

2018-yilda Yevrokomissiya Google’ga rekord darajadagi — €4,3 mlrd miqdorida jarima solgan edi. Regulyator kompaniya Android’ning mobil bozordagi ustun mavqeidan foydalanib, smartfon ishlab chiqaruvchilar bilan tuzilgan oldindan o‘rnatish kelishuvlari orqali o‘z ilovalariga nohaq ustunlik bergan degan xulosaga kelgan.

Gap, xususan, Android qurilmalarida Google ilovalari va xizmatlarini oldindan o‘rnatish amaliyoti haqida borgan. Yevrokomissiya bunday kelishuvlar raqobatchilar imkoniyatini cheklaganini bildirgan.

Jarima avval kamaytirilgan edi

Google mazkur qaror ustidan shikoyat qilgan. 2022-yilda Yevropa Ittifoqining quyi instansiya sudi jarimani o‘z kuchida qoldirgan, biroq uning miqdorini €4,3 mlrddan €4,1 mlrdgacha kamaytirgan edi.

Endi esa Yevropa sudi Google’ning navbatdagi apellyatsiyasini ham rad etdi. Shu tariqa kompaniya Yevropadagi eng yirik antimonopol jarimalardan biri bo‘yicha sudda yutqazdi.

Qaynoq24.uz Apple kompaniyasi Google texnologiyalari asosidagi yangi Siri AI’ni taqdim etgani haqida yozgan edi.

TAGGED:
Ushbu maqolani ulashish
Obuna bo‘ling:
Jurnalist, tarjimon. 2003-yilda Surxandaryoda tug‘ilgan. Mutaxassisligi filolog. Aloqa uchun: message@qaynoq24.uz

Qaynoq24 — Oʻzbekiston va dunyodagi eng soʻnggi yangiliklarni tezkor, ishonchli va xolisona tarzda taqdim etuvchi yangiliklar portali.