AQSh Eron nefti, neft-kimyo mahsulotlari va neft mahsulotlari bilan bog‘liq ayrim operatsiyalarga 60 kunlik vaqtinchalik ruxsat berdi. Qaror Vashington va Tehron vakillari o‘rtasida Shveysariyada o‘tkazilgan muzokaralardan so‘ng qabul qilindi.
AQSh Moliya vaziri Skott Bessentning ma’lum qilishicha, vaqtinchalik bosh litsenziya Eron neftini qazib olish, yetkazib berish va sotish bilan bog‘liq operatsiyalarni ma’lum muddatga ruxsat etadi. Hujjat AQSh Moliya vazirligining Xorijiy aktivlarni nazorat qilish boshqarmasi — OFAC tomonidan chiqarilgan.
Litsenziya 2026-yil 21-avgustgacha amal qiladi. U Eron nefti, neft-kimyo mahsulotlari va neft mahsulotlarini AQShga import qilishga ruxsat beradi, agar bunday operatsiyalar ularni sotish, yetkazib berish yoki tushirish bilan bog‘liq bo‘lsa.
Hujjatga ko‘ra, ruxsat AQSh sanksiyalari ostidagi kemalar ishtirokidagi operatsiyalarga ham tatbiq etiladi. Eron nefti va neft mahsulotlari uchun to‘lovlar AQSh dollarida amalga oshirilishi mumkin. To‘lovlar Eron, mamlakat hukumati yoki sanksiyalar ostidagi boshqa shaxslar foydasiga ham yo‘naltirilishi mumkin.
Shu bilan birga, vaqtinchalik litsenziya barcha cheklovlarni bekor qilmaydi. U Shimoliy Koreya, Kuba va Rossiya tomonidan bosib olingan Ukraina hududlari bilan bog‘liq shaxslar ishtirokidagi operatsiyalarga tatbiq etilmaydi. Shuningdek, AQShning boshqa amaldagi sanksiya cheklovlari o‘z kuchida qoladi.
Biroq muzokaralarning birinchi raundi yakunlari bo‘yicha Qatar va Pokiston tomonidan e’lon qilingan qo‘shma bayonotda MAGATE inspektorlarining qaytishi yoki Eronning Hormuz bo‘g‘ozini kemalar qatnovi uchun ochiq saqlash majburiyati haqida to‘g‘ridan-to‘g‘ri aytilmagan.
Qaynoq24.uz Tramp Hormuz bo‘g‘ozi to‘liq ochiq ekanini aytgani haqida yozgan edi.


