AQSh prezidenti Donald Tramp Hormuz bo‘g‘ozi kemalar harakati uchun to‘liq ochiq ekanini ma’lum qildi. Uning aytishicha, strategik ahamiyatga ega ushbu suv yo‘li orqali neft tashish hajmi rekord darajaga yetgan.
Tramp Oq uyda jurnalistlar bilan suhbatda AQSh Hormuz bo‘g‘ozi atrofidagi vaziyatni to‘liq nazorat qilayotganini ta’kidladi. U bir kun avval bo‘g‘oz orqali tarixdagi eng katta hajmdagi neft tashilgani haqida gapirdi.
“Hormuz bo‘g‘ozi bo‘yicha ishlarimiz juda yaxshi ketmoqda. Kecha u orqali har qachongidan ham ko‘proq neft o‘tdi. Bo‘g‘oz to‘liq ochiq”, — dedi AQSh prezidenti.
Hormuz bo‘g‘ozi Fors ko‘rfazi va Ummon ko‘rfazini bog‘lovchi muhim dengiz yo‘li hisoblanadi. U global neft tashuvlari uchun eng muhim nuqtalardan biri bo‘lgani sababli hududdagi har qanday keskinlik xalqaro energetika bozori e’tiborida turadi.
Tramp Eron bilan bog‘liq vaziyatga ham to‘xtaldi. Uning aytishicha, Vashington keyingi eskalatsiyaga intilmayapti. Shu bilan birga, u Tehronni erishilgan kelishuv shartlarini buzmaslikka chaqirdi.
“Agar Eron kelishuv shartlarini bajarmasa yoki o‘zini nomaqbul tutsa, men qilishim kerak bo‘lgan ishni qilaman”, — dedi Tramp.
AQSh prezidenti so‘zlariga ko‘ra, bir necha oy avval Eron kuchli harbiy-havo salohiyatiga ega bo‘lgan, ammo hozir vaziyat o‘zgargan. U bu bilan Vashingtonning mintaqadagi pozitsiyasi mustahkamligini ta’kidlamoqchi bo‘ldi.
Tramp NATOdagi ittifoqchilar bilan munosabatlar haqida ham fikr bildirdi. U AQSh yaqinda Eron bilan bog‘liq keskinlik davrida hamkorlar yordamiga muhtoj bo‘lmaganini aytdi.
Qaynoq24.uz Eron neft eksportiga qo‘yilgan cheklovlar olib tashlanganini ma’lum qilgani haqida yozgan edi.


