Yevropa Ittifoqi Rossiya nefti narx chegarasi oshishiga yo‘l qo‘ymasligi mumkin

Foto: Pexels / jayjay13
Mohinur Rajabova
2 Daqiqa o‘qish

Yevropa Ittifoqi Rossiya nefti uchun belgilangan narx chegarasini oshirishni vaqtincha to‘xtatib turishi mumkin. Bloomberg manbalariga ko‘ra, bunga jahon bozorida neft narxlari oshgani sabab bo‘lmoqda.

Hozir Rossiya nefti uchun narx chegarasi bir barrel uchun $44,1 darajasida belgilangan. Ushbu ko‘rsatkich yoz oxirida qayta ko‘rib chiqilishi kerak edi. Yevropa Ittifoqi 2025-yilda dinamik mexanizmni tasdiqlagan. Unga ko‘ra, narx chegarasi har olti oyda bir marta qayta belgilanadi. Limit Rossiyaning Urals markali nefti o‘rtacha bozor narxidan 15 foiz past bo‘lishi kerak.

Yevropa kompaniyalariga belgilangan chegaradan yuqori narxda sotilgan neft bo‘yicha sug‘urta va tashish xizmatlarini ko‘rsatish taqiqlangan.

Bloomberg ma’lumotiga ko‘ra, iyuldagi rejalashtirilgan qayta ko‘rib chiqish narx chegarasini kamida $65 gacha oshirishi mumkin edi. Bu G7 tomonidan avval kelishilgan $60 limitdan ham yuqori bo‘ladi.

Shu sabab Yevropa Ittifoqi uchta variantni ko‘rib chiqmoqda. Birinchi variant narx chegarasini $44,1 darajasida saqlab qolishdir. Ikkinchisi avtomatik oshirishni yil oxirigacha to‘xtatib turishdan iborat. Uchinchi variant esa har qanday o‘sishni $60 bilan cheklashni nazarda tutadi.

Ushbu qaror Yevropa Ittifoqining 21-sanksiyalar paketiga kiritilishi mumkin. Paket iyun boshida yakunlanishi va taqdim etilishi kutilmoqda. Yangi paket banklar, neft treyderlari, neftni qayta ishlash zavodlari va uchinchi davlatlardagi kriptooperatorlarga ham taalluqli bo‘lishi mumkin. Bryusselga ko‘ra, Moskva bunday tuzilmalardan Yevropa cheklovlarini chetlab o‘tishda foydalanmoqda.

Neft narxlari Yaqin Sharqdagi vaziyat fonida oshmoqda. Brent neftining iyul fyucherslari 26-may kungi savdolarda 3,3 foizga qimmatlab, bir barrel uchun $99,33 ga yetdi. AQShning WTI nefti esa $92,79 atrofida savdo qilindi. Narxlar AQSh va Eron o‘rtasidagi sulh rejimiga qaramay oshmoqda. Sulh 8-apreldan beri amal qilmoqda.

AQSh Markaziy qo‘mondonligi zarbalar “o‘zini himoya qilish” va “Eron kuchlari tahdidlaridan himoyalanish” maqsadida berilganini bildirdi. Eron Islom inqilobi qo‘riqchilari korpusi esa javob choralari ko‘rilishini ma’lum qildi.

Qaynoq24.uz neft narxlari 25-may kuni AQSh va Eron kelishuvi fonida pasaygani haqida yozgan edi.

Ushbu maqolani ulashish
Obuna bo‘ling:
Jurnalist, tarjimon. 2003-yilda Surxandaryoda tug‘ilgan. Mutaxassisligi filolog. Aloqa uchun: message@qaynoq24.uz
Sharhlar mavjud emas

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

Qaynoq24 — Oʻzbekiston va dunyodagi eng soʻnggi yangiliklarni tezkor, ishonchli va xolisona tarzda taqdim etuvchi yangiliklar portali.