Shimoliy Koreya so‘nggi besh yil ichida yadroviy qurol yaratish uchun ishlatiladigan materiallar ishlab chiqarishni ikki baravardan ko‘proqqa oshirdi.
Bu haqda KXDR yetakchisi Kim Chen In ma’lum qildi. U yangi yadroviy materiallar ishlab chiqarish obyektiga tashrif buyurgan. Shimoliy Koreya davlat agentligi xabariga ko‘ra, Kim Chen In mamlakat harbiy yadroviy salohiyatini keskin oshirish rejasini e’lon qilgan.
Aprel oyida Xalqaro atom energiyasi agentligi ham KXDR yadroviy qurol yaratish imkoniyatlarini sezilarli darajada kengaytirganini bildirgan edi. Agentlik ma’lumotlariga ko‘ra, Pxenyan o‘nlab yadroviy kallaklarga ega bo‘lishi mumkin.
KXDR yadroviy va raketa dasturlari sababli qattiq xalqaro sanksiyalar ostida qolmoqda. KXDR rahbariyati yadroviy quroldan voz kechmasligini bir necha bor ta’kidlagan. Pxenyan o‘z yadroviy arsenalini AQSh va uning ittifoqchilari, jumladan, Janubiy Koreyadan kelishi mumkin bo‘lgan harbiy tahdidni tiyib turish vositasi deb hisoblaydi.
KXDR 2009-yildan beri Xalqaro atom energiyasi agentligi inspektorlarini yadroviy obyektlariga kiritmaydi. Mamlakat ilk yadroviy sinovini 2006-yilda o‘tkazgan.
Qaynoq24.uz Shimoliy Koreya qisqa masofali ballistik raketalar uchirdi, ular 350 km masofani bosib o‘tgani haqida yozgan edi.


