NATO sammiti 22-yildan so‘ng yana Turkiyada o‘tadi

Foto: Getty
Mohinur Rajabova
1 Daqiqa o‘qish

Turkiya 22-yillik tanaffusdan so‘ng yana NATO sammitiga mezbonlik qiladi. Bu haqda Anadolu agentligi xabar bermoqda.

Anqarada o‘tadigan alyansning 36-sammiti global xavfsizlik tizimida noaniqlik kuchaygan bir davrda tashkil etilmoqda. Mazkur uchrashuv NATOning keyingi yo‘nalishi, mudofaa siyosati va ittifoqchilar o‘rtasidagi majburiyatlarni qayta taqsimlash masalalari nuqtayi nazaridan muhim ahamiyat kasb etadi.

Sammitda alyansga a’zo 32 davlat rahbarlari, jumladan AQSH prezidenti Donald Tramp, shuningdek, tashqi ishlar va mudofaa vazirlari ishtirok etishi kutilmoqda. Anqaradagi muzokaralar faqat Yevro-Atlantika xavfsizligi bilan cheklanib qolmaydi. Uchrashuvga Avstraliya, Yaponiya, Yangi Zelandiya va Janubiy Koreyadan iborat AP4 davlatlari ham taklif etilgan. Bu esa alyans kun tartibida Hind-Tinch okeani mintaqasi xavfsizligi ham muhim o‘rin tutishini ko‘rsatadi.

Turkiya uchun ushbu sammit nafaqat diplomatik tadbir, balki mamlakatning NATO ichidagi roli va ta’sirini namoyish etish imkoniyati ham hisoblanadi. Anqara sammit orqali o‘zining mudofaa sanoati, inqirozlarni boshqarish salohiyati, mintaqaviy vositachilik tajribasi va alyans xavfsizligiga qo‘shayotgan hissasini ko‘rsatishni maqsad qilgan.

Shu bilan birga, NATO doirasida xarajatlar va mas’uliyatlarni adolatli taqsimlash masalasi sammitning asosiy mavzularidan biri bo‘lishi kutilmoqda.

Qaynoq24.uz tashkilot qiruvchilari Latviya osmonida dronni urib tushirgani haqida yozgan edi.

TAGGED:
Ushbu maqolani ulashish
Obuna bo‘ling:
Jurnalist, tarjimon. 2003-yilda Surxandaryoda tug‘ilgan. Mutaxassisligi filolog. Aloqa uchun: message@qaynoq24.uz

Qaynoq24 — Oʻzbekiston va dunyodagi eng soʻnggi yangiliklarni tezkor, ishonchli va xolisona tarzda taqdim etuvchi yangiliklar portali.