NATO qiruvchilari Latviya havo hududiga kirgan uchuvchisiz uchish apparatini urib tushirdi. Bu haqda 8-iyun kuni Latviya Milliy qurolli kuchlari X ijtimoiy tarmog‘ida xabar berdi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, operatsiya NATO ittifoqchilari bilan hamkorlikda amalga oshirilgan. Xabarda Fransiya bilan birgalikdagi harakatlar haqida ham so‘z boradi. Latviya qurolli kuchlari vakili Reuters agentligiga kamida bitta dron Rossiya tomonidan Latviya havo hududiga kirganini aytdi.
Voqeadan oldin va undan taxminan 40 daqiqa o‘tib, Latviya havo hududida xavf e’lon qilingan. Ogohlantirish Kraslava va Ludza tumanlariga taalluqli bo‘lgan.
DW ma’lumotiga ko‘ra, Boltiqbo‘yi davlatlari va Finlandiyada yo‘nalishidan adashgan harbiy dronlar sabab xavotir kuchaymoqda. Mutaxassislar bunday holatlar Ukrainadagi urush NATOning shimoliy chegaralariga ta’sir qilishi mumkinligi haqidagi xavotirlarni oshirayotganini ta’kidlamoqda.
Bu holat Ukrainaga qarshi urush fonida Rossiya va mintaqa davlatlari o‘rtasidagi keskinlik ortayotgan bir paytda yuz berdi.
Avvalroq Latviya havo hududida paydo bo‘lgan dronni urib tushirmaslik qarori mamlakatda siyosiy inqirozga sabab bo‘lgan edi. Bu jarayon hukumat almashinuvi bilan yakunlangan. Shu bilan birga, Moldova Mudofaa vazirligi ham 8-iyunga o‘tar kechasi mamlakat havo hududiga dron kirganini ma’lum qildi.
Vazirlikka ko‘ra, dron Ukraina chegarasi yaqinidagi Mixaylovka-Lopatna aholi punkti tomondan uchib kirgan. Ichki ishlar vazirligining maxsus bo‘linmalari aralashuvidan so‘ng Lopatna yaqinidagi qishloq xo‘jaligi yerlarida dronga tegishli bo‘laklar topilgan.
Moldova Mudofaa vazirligi voqea joyidagi izlar avval portlash bo‘lganini ko‘rsatishini bildirdi. Topilgan bo‘laklar hozirda tekshirilmoqda. Mutaxassislar uchish apparatining kelib chiqishi va hodisa tafsilotlarini aniqlamoqda.
Qaynoq24.uz NATO Tramp tufayli yillik sammitlarni bekor qilishi mumkinligi haqida yozgan edi.


