Yangilangan Chery Arrizo 8 19,9 ming dollardan sotuvga chiqdi

Foto: Chery
Jonibek Juraqulov
3 Daqiqa o‘qish

Qozog‘istonda yangilangan Chery Arrizo 8 sedani sotuvga chiqarildi. Model tashqi ko‘rinishda yengil o‘zgarishlarga ega bo‘ldi, saloni yangilandi va ilk bor 2 litrli turbomotor hamda 8 pog‘onali avtomat uzatmalar qutisi bilan taklif etila boshladi.

2026-yil iyun oyi boshida Qozog‘istonning mahalliy transport vositalari reyestrida Chery Arrizo 8 sedanining yangi versiyasiga oid hujjatlar paydo bo‘lgan edi. Oy oxiriga kelib esa model distribyutorning elektron katalogida ko‘rinish berdi.

Foto: Chery

Tashqi ko‘rinishda yangilangan Arrizo 8 o‘zgartirilgan old va orqa bamperlar, yangi optika hamda qimmatroq komplektatsiyalar uchun mo‘ljallangan 18 dyuymli yangi dizayndagi g‘ildirak disklari bilan ajralib turadi.

Salon ham sezilarli darajada yangilangan. Old panelda 10,25 dyuymli ixcham raqamli asboblar paneli va 15,6 dyuymli multimedia ekrani joylashgan. Ruldagi an’anaviy tugmalar o‘rnini sensor panellar egallagan. Shu bilan birga, markaziy konsolda iqlim nazoratini boshqarish uchun alohida tugmalar paydo bo‘lgan. Avvalgi versiyada harorat va havo oqimini sensor panel orqali sozlash kerak edi.

Foto: Chery

Imkoniyatlar

Texnik jihatdan asosiy yangilik — 2 litrli turbomotor. U 197 ot kuchi va 375 Nm aylanish momentini beradi hamda 8 pog‘onali avtomat uzatmalar qutisi bilan ishlaydi. Avvalgi 1,6 litrli, 150 ot kuchiga ega dvigatel va 7 pog‘onali robot uzatmalar qutisi ham saqlab qolingan.

Eng arzon Chery Arrizo 8 1,6 litrli motor bilan taklif etiladi. Uning narxi 9,7 mln tenge yoki taxminan 19,9 ming dollarni tashkil qiladi. Ushbu versiyada old va yon xavfsizlik yostiqchalari, asosiy haydovchi yordamchilari, kalitsiz kirish, ikki zonali iqlim nazorati, barcha o‘rindiqlarni isitish, rul, old oyna va oyna yuvish forsunkalarini isitish, haydovchi o‘rindig‘ini elektr sozlash hamda 10 karnayli audio tizim mavjud.

Foto: Chery

O‘rta Motion komplektatsiyasi ham 1,6 litrli motor bilan jihozlangan. Unga 17 dyuym o‘rniga 18 dyuymli g‘ildirak disklari, xavfsizlik pardalari, 360 darajali kameralar va old yo‘lovchi o‘rindig‘ini elektr sozlash qo‘shilgan. Ushbu versiya 10,4 mln tenge yoki taxminan 21,3 ming dollar baholangan.

Eng yuqori Advanced versiyasi 2 litrli turbomotor va avtomat uzatmalar qutisi bilan taklif etiladi. Uning narxi 11,6 mln tenge yoki taxminan 23,7 ming dollarni tashkil qiladi. Bu komplektatsiyada panoramali tom, avtotormozlash, yo‘lakda ushlab turish, avtomatik uzoq-yaqin chiroq almashinuvi, adaptiv kruiz-nazorat kabi elektron yordamchilar to‘plami mavjud.

Advanced versiyasida, shuningdek, 12 karnayli takomillashtirilgan audio tizim, smartfon uchun simsiz quvvatlash, old o‘rindiqlar ventilyatsiyasi, o‘rindiq holatini xotirada saqlash funksiyasi va havo xushbo‘ylantirgich ham bor.

Qaynoq24.uz Chery Tiggo 7 HEV sinovdan o‘tkazilgani haqida yozgan edi.

Ushbu maqolani ulashish
Obuna bo‘ling:
2006-yilda Samarqand viloyati Urgut tumanida tug‘ilgan. Denov tadbirkorlik va pedagogika instituti talabasi. Kompyuter texnologiyalari, sport, iqtisodiy mavzularda yozishni yoqtiradi. Muvaffaqiyatli shaxslar va huquqiy mavzularda maqolalari chop etilgan. Jonibek Juraqulov Qaynoq24.uz nashrining ma’sul jurnalisti ham hisoblanadi. Aloqa uchun: j.juraqulov@qaynoq24.uz
Sharhlar mavjud emas

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

Qaynoq24 — Oʻzbekiston va dunyodagi eng soʻnggi yangiliklarni tezkor, ishonchli va xolisona tarzda taqdim etuvchi yangiliklar portali.