Fransiya Pavel Durovga nisbatan qo‘llanilgan chiqib ketish bo‘yicha cheklovni to‘liq olib tashladi. Bu haqda France 24 nashri ma’lum qildi. Durov messenjer orqali tarqalgan noqonuniy kontent bilan bog‘liq ish doirasida Fransiya tomonidan tergov qilinmoqda.
Rossiyada tug‘ilgan, 41 yoshli tadbirkor 2024-yilda Parijda hibsga olingan va platforma jinoyat faoliyatiga bilvosita ko‘mak berganlikda gumon qilinib, rasmiy tergov ostiga olingan edi. Shundan so‘ng unga Fransiyani tark etish taqiqi qo‘yilgan.
2025-yil iyul oyida ushbu cheklov yumshatilgan: Durovga har safar ikki haftagacha BAAda yashashga ruxsat berilgan edi. Endi esa Frantsiya rasmiylari uning safarga chiqish bo‘yicha barcha cheklovlarini bekor qildi. Shuningdek, u janubdagi Nitsa shahrida politsiyaga muntazam borib turish majburiyatidan ham ozod etildi.

Manbaga ko‘ra, Durov o‘tgan bir yil davomida barcha sud nazorati talablariga to‘liq amal qilgan.
U Fransiya va Rossiya fuqaroligiga ega. Durovga qarshi qo‘yilgan ayblovlar messenjer orqali noqonuniy savdo operatsiyalari, bolalarga oid zo‘ravonlik tasvirlari va boshqa noqonuniy kontent tarqalishiga yo‘l qo‘yilganligi bilan bog‘liq.
2024-yil dekabr oyidagi dastlabki so‘roq chog‘ida Durov platformadagi jinoyatchilik faoliyati kengayayotganini tan olgan va kontent ustidan nazoratni kuchaytirishga va’da bergan. Ammo u fransuz rasmiylarini so‘rov yuborishda qonuniy tartibga rioya qilmaganlikda ayblagan.
Pavel Durov o‘ziga qo‘yilgan ayblovlarni rad etgan va hibsga olinishi Fransiyaning erkin davlat sifatidagi obro‘siga katta zarar yetkazganini bayon qilgan.
Avvalroq Qaynoq24.uz nashri Daniya 15 yoshgacha bo‘lgan bolalar uchun ijtimoiy tarmoqlarni taqiqlamoqchi ekanligi haqida yozgan edi.

