Donald Tramp tomonidan mamlakatda oziq-ovqat narxlarining oshgani fonida 200 dan ortiq mahsulotga qo‘yilgan yuqori bojlar bekor qildi. Qaror 14-noyabr kuni e’lon qilindi va 13-noyabr yarim tundan boshlab amal qilmoqda.
Reuters yozishicha, bu chorani amerikaliklarning inflyatsiya bo‘yicha xavotirlari kuchaygani keltirib chiqargan. Tramp avval yuqori import bojlari inflyatsiyani oshirmasligini ta’kidlab kelgandi. Ammo jurnalistlar savoliga javob berarkan, u bojlar “ba’zi holatlarda” narxlarning o‘sishiga olib kelishi mumkinligini tan oldi.
Shunga qaramay, Tramp AQShda “amalda inflyatsiya yo‘q” ekanini aytdi. U, shuningdek, kelasi yilda kam va o‘rtacha daromadli amerikaliklarga bojlar orqali kelgan tushumdan 2 ming dollar miqdorida to‘lov berishni rejalayotganini bildirdi.
Eng ko‘p mol go‘shti qimmatladi

AQShda oxirgi oylarda mol go‘shti narxi keskin oshdi. Bu oshishning asosiy sababi Tramp ma’muriyati joriy qilgan yuqori boj stavkalari bo‘ldi. O‘tgan yil davomida AQSh Braziliya, Avstraliya, Yangi Zelandiya va Urugvay kabi yirik yetkazib beruvchilarga keskin boj qo‘ydi. Braziliya hatto 75 foizdan yuqori samarali boj stavkalariga duch keldi. Natijada AQShga import kamaydi.
Bu vaqtda mamlakatdagi qoramol soni so‘nggi 75 yildagi eng past darajaga tushdi. Qurg‘oqchilik, ozuqa qimmatligi, shuningdek, o‘g‘it, po‘lat va alyuminiyga qo‘llangan bojlar dehqonlar va chorvadorlar xarajatlarini oshirib yubordi. Fermerlar podani tiklashga qiynalmoqda.
Ta’minot qisqargani uchun do‘konlarda narx ham ko‘tarildi. BLS ma’lumotiga ko‘ra, sentabr oyida xom mol go‘shti mahsulotlari narxi yillik hisobda 12 foizdan 18 foizgacha oshdi.
Mutaxassislar CNBC ga aytishicha, boj siyosatidagi o‘zgarishlar, Argentinaga berilgan kvotaning kengaytirilishi va boshqa choralar ishlab chiqaruvchilarning uzoq muddatli rejalashtirishiga salbiy ta’sir qilmoqda. Bu esa ta’minotni qisqa, bozor kayfiyatini esa nozik holatda ushlab turibdi.
Bekor qilingan bojlar ro‘yxatida qahva, mol go‘shti, banan, apelsin sharbati, apelsin, acai rezavori, paprika, kakao, oziq-ovqat sanoatidagi kimyoviy moddalar, o‘g‘itlar ham bor.
O‘zgarish siyosiy fon bilan ham bog‘lanmoqda. Demokratlar noyabr boshida Nyu-York meri va Nyu-Jersi hamda Virjiniya shtatlaridagi gubernatorlik saylovlarida g‘alaba qozondi. Reuters bu natijani aholining turmush xarajatlari, jumladan, oziq-ovqat narxlaridan noroziligi bilan izohlamoqda.
Avvalroq Qaynoq24.uz nashri AQShda rekord davom etgan 43 kunlik shautdaun yakunlangani haqida yozgan edi.

