Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy Rossiya prezidenti Vladimir Putinga G7 sammiti doirasida uchrashuv o‘tkazishni taklif qildi. Bu haqda u o‘z bayonotida ma’lum qildi.
Zelenskiyning so‘zlariga ko‘ra, sammitda AQSh prezidenti Donald Tramp hamda Fransiya prezidenti Emmanuel Makron ishtirok etadi. Shu bois u mazkur uchrashuvni Yevropa yetakchilari va AQSh vakillari ishtirokida o‘tkazish mumkinligini ta’kidladi.
«U yerda Tramp va Makron bo‘ladi, demak, yevropaliklar hamda Amerika ishtirok etadi. Bu barchamiz birgalikda uchrashishimiz uchun yaxshi imkoniyat», — dedi Zelenskiy.
G7 sammiti 15–17-iyun kunlari Fransiyaning Evian-le-Ben shahrida bo‘lib o‘tadi. Avvalroq Politico nashri manbalarga tayanib, «Katta yettilik» davlatlari yetakchilari Fransiyada o‘tadigan sammit doirasida Zelenskiy va Tramp ishtirokida alohida uchrashuv tashkil etmoqchi ekani haqida yozgan edi. Nashrga ko‘ra, G7 yetakchilari ushbu uchrashuv orqali Trampning Ukraina mojarosi bo‘yicha pozitsiyasiga ta’sir o‘tkazishga urinishi mumkin.
Manbalarning ta’kidlashicha, G7 davlatlari rahbarlari Oq uy rahbarini Ukraina jangovar harakatlarda ustunlikka erishayotgani haqidagi fikrga ishontirishni rejalashtirmoqda.
Hozircha Rossiya tomoni Zelenskiyning G7 sammiti doirasida uchrashuv o‘tkazish taklifiga munosabat bildirgani haqida ma’lumot yo‘q.
Qaynoq24.uz Ukraina AQShga o‘zaro xavfsizlik kafolatlarini taklif qilgani haqida yozgan edi.


