Kongo Demokratik Respublikasining Lualaba provinsiyasida joylashgan Kalando mis konida ko‘prik qulab tushdi. Bu haqda Daily Sabah xabar bermoqda. Hodisa oqibatida kamida 32 noqonuniy konchi halok bo‘lgani ma’lum qilindi. Mahalliy rasmiylar yana ko‘plab odamlar bedarak yo‘qolgan bo‘lishi mumkinligini aytmoqda.
Hodisa shanba kuni suv to‘planib qolgan chuqurlik ustidan o‘tuvchi vaqtinchalik ko‘prik qulaganda yuz bergan. Lualaba ichki ishlar vaziri Roy Kaumba Mayonde jasadlar qazib olinayotganini, qidiruv ishlari davom etayotganini bildirdi.
Kongo DR dunyodagi kobalt ishlab chiqarishning 70 foizidan ko‘pini beradi. Bu metall elektromobillar, noutbuklar va smartfonlar batareyalari uchun muhim xom ashyo hisoblanadi. Mamlakatda 200 mingdan ortiq odam noqonuniy konlarda ishlaydi.

Mahalliy hokimiyat ma’lumotiga ko‘ra, kuchli yog‘ingarchilik va ko‘chkiga xavf bo‘lgani bois kon hududiga kirish taqiqlangan edi. Shunga qaramay, yoppasiga kirib kelgan noqonuniy konchilar vaqtinchalik ko‘prikdan o‘tayotganda u qulab tushgan.
SAEMAPE agentligi hisobotida aytilishicha, kon hududida harbiylarning ko‘rinishi konchilarda vahima keltirib chiqargan. Kalando konida yillar davomida noqonuniy konchilar, ruxsat berilgan kooperativ va xitoylar bilan bog‘langan rasmiy operatorlar o‘rtasida kelishmovchiliklar mavjud bo‘lgan.
Jarohatlanganlar va halok bo‘lganlar ko‘prik qulagach bir-birining ustiga qulab tushgani aytilmoqda. CNDH tomonidan tarqatilgan suratlarda chuqurlikdan jasadlar qazib olinayotgani, kamida 17 jasad yerda yotgani aks etgan.
CNDH vakili Artur Kabulo Kalando konida 10 mingdan ortiq noqonuniy konchi faoliyat yuritishini ma’lum qildi. Provinsiya hokimiyati hodisadan so‘ng kon faoliyatini to‘xtatdi.
Kongo kobalt sanoati uzoq yillardan beri bolalar mehnati, xavfli sharoit va korrupsiya ayblovlari bilan tanqid ostida kelmoqda. Mamlakatdagi boy mineral zaxiralar esa sharqiy hududlarda 30 yildan beri davom etayotgan mojarolarning markazida qolmoqda.
Avvalroq Qaynoq24.uz nashri Indoneziyada ko‘chki oqibatida halok bo‘lganlar soni 11 nafarga yetgani haqida yozgan edi.

