Buxoro viloyatida o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida simobni noqonuniy ravishda sotishga uringan ikki shaxs qo‘lga olindi. Bu haqda “Xavfsizlik” telegram kanalida ma’lum qilindi.
DXXning Buxoro viloyati bo‘yicha boshqarmasi, Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti va Milliy gvardiya xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan tadbirda Buxoro shahri va Buxoro tumanida yashovchi ikki fuqaro ushlangan.
Ular 3 dona flakonda bo‘lgan, umumiy og‘irligi 343 gramm bo‘lgan simobni 35 ming dollarga sotayotgan vaqtda ashyoviy dalillar bilan qo‘lga olingan.
Holat bo‘yicha Jinoyat kodeksining 185–1-moddasi 2-qismi “b” va “v” bandlari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Hozirda tergov ishlari olib borilmoqda.
Simob va uning birikmalarini erkin sotish, sotib olish, saqlash yoki undan maishiy sharoitda foydalanish qat’iyan taqiqlanadi. U kuchli zaharli modda hisoblanadi va mamlakat hududida erkin muomalaga chiqarilmaydi.
Avvalroq Qaynoq24.uz nashri Toshkentda soliq bosh inspektori pora bilan ushlangani haqida yozgan edi.

