Indoneziyaning Sharqiy Yava mintaqasida joylashgan Semeru vulqoni yana otildi. Bu haqda The Guardian xabar bermoqda. Bir nechta qishloqlarni kul bilan qoplagan va aholi evakuatsiya qilingan.
Rasmiylarga ko‘ra, bugun bir kun davomida kuzatilgan kuchli faollik sababli vulqon ogohlantirish darajasi eng yuqori bosqichga ko‘tarildi.
Geologiya agentligi ma’lumotiga ko‘ra, Semeru tushdan kechgacha bir necha bor issiq kul bulutlari hamda lava, gaz va tosh aralashmasini yonbag‘irlar bo‘ylab 7 kilometrgacha oqizgan. Vulqon otilishidan ko‘tarilgan issiq kul ustuni 2 kilometr balandlikka chiqqan.
Lumajang tumanidagi eng xavf ostidagi uch qishloqdan 300 dan ortiq aholi hukumat boshpanalariga ko‘chirildi. Favqulodda vaziyatlar agentligi vakili Abdul Muhari so‘zlariga ko‘ra, vulqon faolligining kuchayishi ortidan xavf zonasining radiusi 8 kilometrgacha kengaytirildi. Aholiga Besuk Kobokan daryosi bo‘ylab harakatlanmaslik haqida ogohlantirish berildi, chunki issiq gaz oqimlari aynan shu yo‘nalishdan oqmoqda.
Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan videolarda kul bulutlari o‘rmonzor vodiyni to‘ldirib, ko‘prik ostidan oqib o‘tayotgani aks etgan. Aholi yuzlari kul va yomg‘irga bulangan holda vaqtinchalik boshpanalarga yoki xavfsiz joylarga chiqib ketgan.
Mahalliy OAV xabariga ko‘ra, Ranu Kumbolo kuzatuv posti hududida 178 nafar odam qolib ketgan: 137 alpinist, 15 yuk tashuvchi, 7 gid va 6 nafar turizm xodimi. TNBTS milliy bog‘i vakili Endrip Wahyutama ularning holati barqaror ekanini aytdi. Ularning barchasi kraterdan 4,5 kilometr shimolda joylashgan posti xavfsiz hududda tunab qolgan. Issiq kul oqimi esa janubi-sharq tomon harakatlanayotgani kuzatilgan.
Semeru — 3 676 metr balandlikdagi faol vulqon bo‘lib, so‘nggi 200 yil ichida bir necha bor otilgan. Shunga qaramay, uning unumdor yonbag‘irlarida minglab odamlar yashaydi. 2021 yildagi yirik otilish chog‘ida 51 kishi halok bo‘lgan, yuzlab odamlar kuygan va qishloqlar loy ostida qolgan edi.
Indoneziya Tinch okeani “olov halqasi”da joylashgani sababli, mamlakatda zilzilalar va vulqon faolligi tez-tez yuz beradi.
Avvalroq Qaynoq24.uz nashri Indoneziyada ko‘chki oqibatida halok bo‘lganlar soni 11 nafarga yetgani haqida yozgan edi.

