Andijon shahrida uyida narkolaboratoriya tashkil qilgan shaxs qo‘lga olindi. Bu haqda DXX xabar bermoqda.
Andijon shahrida giyohvandlik vositalarining noqonuniy aylanishiga qarshi o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida o‘z uyida narkolaboratoriya tashkil qilgan, 1987-yilda tug‘ilgan shaxs qo‘lga olindi. Tadbir Davlat xavfsizlik xizmati xodimlari tomonidan ichki ishlar organlari bilan hamkorlikda amalga oshirildi.

Gumonlanuvchining yashash xonasidan “gashish”, kristal ko‘rinishidagi sintetik giyohvand modda, “Tropikamid” dori vositalari, xom-ashyo, maxsus idishlar, qadoqlash uchun mo‘ljallangan zip paketlar, to‘rtta telefon va bir dona noutbuk ashyoviy dalil sifatida olindi.
Tekshiruv davomida noutbuk orqali mijozlarga sintetik modda sotish uchun boshqarilgan uchta Telegram-bot, shuningdek, uy sharoitida narkolaboratoriya tashkil qilishga oid video va fotoqo‘llanmalar mavjudligi aniqlangan.
Holat yuzasidan fuqaro Jinoyat kodeksining 273-moddasi 2-qismi bilan ayblanib, “qamoq” ehtiyot chorasi qo‘llanildi. Ashyoviy dalillar ekspertizaga yuborilgan.
Tergov harakatlari davom etmoqda.
Avvalroq Qaynoq24.uz nashri Buxoroda simobni 35 ming dollarga sotgan shaxslar qo‘lga olingani haqida yozgan edi.

