O‘zbekistonda Ijtimoiy himoya milliy agentligi tizimidagi ayrim ta’lim muassasalari xodimlari uchun ko‘p yillik mehnat stajiga qarab 120 foizgacha oylik ustama belgilandi.
Ustama kimlarga beriladi
Yangi tartib reabilitatsiya markaziga ega ko‘p tarmoqli davlat ixtisoslashtirilgan maktabgacha ta’lim tashkilotlari, ko‘p tarmoqli ixtisoslashtirilgan va qo‘shma turdagi maktabgacha ta’lim tashkilotlari, eksperimental maktabgacha ta’lim tashkilotlari, ixtisoslashtirilgan maktablar hamda ko‘p funksional inklyuziv-resurs maktablari xodimlariga tatbiq etiladi.
Shuningdek, ko‘p tarmoqli maktab va maktab-internatlar, ixtisoslashtirilgan maktab-internatlar, maxsus texnikumlar va ko‘p funksional inklyuziv-resurs markazlari ham hujjat doirasiga kiritilgan.
Ushbu muassasalarning bosh hisobchilari, yetakchi hisobchilari, hisobchilari va kadrlar bo‘yicha inspektorlari uchun tarif razryadlari hamda ko‘p yillik ish stajiga qarab oylik ustamalar belgilandi.
Staj oshgani sari ustama ham ko‘payadi
Bir yildan uch yilgacha mehnat stajiga ega xodimlarga lavozim maoshining 30 foizi, uch yildan besh yilgacha staj uchun 60 foizi miqdorida ustama to‘lanadi.
Besh yildan o‘n yilgacha ishlagan xodimlar 80 foiz, o‘n yildan o‘n besh yilgacha mehnat stajiga ega bo‘lganlar esa 100 foiz ustama oladi.
15 yil va undan ortiq mehnat stajiga ega xodimlarga esa lavozim maoshining 120 foizi miqdorida har oylik ustama to‘lanadi.




