Isroil Bayrutda Hizbullohning yuqori martabali qo‘mondonini yo‘q qildi

Foto: Getty images
Mohinur Rajabova
2 Daqiqa o‘qish

Isroil armiyasi Bayrutning janubiy Dahiyah hududiga havo hujumi uyushtirdi. Hujum oqibatida Hizbullohning bosh shtabi rahbari, uzoq yillik harbiy amaldor Haytam Ali at-Tabtobai halok bo‘ldi. Bu haqda BBC xabar bermoqda.

Livan sog‘liqni saqlash vazirligi kamida besh kishi halok bo‘lganini, 28 kishi jarohatlanganini bildirdi. Zarba zich aholi yashaydigan ko‘p qavatli uyni nishonga olgan.

Hizbulloh at-Tabtobai o‘limini tasdiqlab, Isroil “qizil chiziqni kesib o‘tdi” deb bayonot berdi. Hujum AQSh va Fransiya vositachiligida o‘tgan yili e’lon qilingan sulhga qaramay amalga oshirildi.

Isroil rasmiylariga ko‘ra, Hizbulloh qurolli imkoniyatlarini tiklashga, qurol-yarog‘ni yashirin olib kirishga va portlovchi dronlar ishlab chiqarishni kuchaytirishga urinmoqda. Tel-Aviv buni mintaqadagi xavfsizlikka tahdid deb bilmoqda.

Livan prezidenti Jozef Aun esa xalqaro hamjamiyatni Isroilga bosim o‘tkazishga chaqirdi. Uning aytishicha, Isroil janubdagi kamida beshta hududni egallab turibdi. Bu amaldagi kelishuvlarni buzishdir.

G‘arb diplomatlarining ma’lumotiga ko‘ra, Tramp ma’muriyati Beyrutdan Hizbullohga qarshi qat’iyroq choralar kutmoqda. Guruh esa qurol masalasini faqat Isroil hujumlarni to‘xtatgandan va Livandan to‘liq chiqib ketgandan keyin muhokama qilishini aytmoqda.

Isroil va Hizbulloh o‘rtasidagi so‘nggi to‘qnashuvlar 2023-yil 7-oktabrdagi Hamas hujumidan bir kun o‘tib boshlangan edi. O‘sha davrdan beri Livanda taxminan 4 ming kishi halok bo‘lgani, 1,2 milliondan ortiq odam uyini tark etgani aytiladi. Isroil tomoni esa 80 dan ortiq askar va 47 tinch aholi yo‘qotilganini ma’lum qilgan.

AQSh 2016-yildayoq at-Tabtobaini terrorchi sifatida ro‘yxatga olgan, uning haqida ma’lumot berganlarga 5 mln dollar mukofot va’da qilgan.

Avvalroq Qaynoq24.uz nashri Isroil hujumlari natijasida G‘azoda yana 25 kishi vafot etgani haqida yozgan edi.

TAGGED:
Ushbu maqolani ulashish
Obuna bo‘ling:
Jurnalist, tarjimon. 2003-yilda Surxandaryoda tug‘ilgan. Mutaxassisligi filolog. Aloqa uchun: message@qaynoq24.uz
Sharhlar mavjud emas

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

Qaynoq24 — Oʻzbekiston va dunyodagi eng soʻnggi yangiliklarni tezkor, ishonchli va xolisona tarzda taqdim etuvchi yangiliklar portali.