Jahon bozorida neft narxi AQSh va Eron o‘rtasidagi kelishuv e’lon qilingani ortidan pasaydi. Bu haqda BBC xabar bermoqda.
Pokiston ikki davlat o‘rtasidagi urushni to‘xtatish bo‘yicha kelishuvga erishilganini ma’lum qilganidan so‘ng Osiyo bozorlaridagi ilk savdolarda neft kotirovkalari sezilarli tushdi.
Dushanba kuni tonggi savdolarda Brent markali neft narxi 4 foizga arzonlab, bir barrel uchun $83,81 ga tushdi. AQShda sotiladigan neft esa 4,7 foizga pasayib, bir barrel uchun $80,89 ni tashkil etdi.
Pokiston bosh vaziri Shahboz Sharifning ma’lum qilishicha, AQSh va Eron o‘rtasidagi kelishuvni rasmiy imzolash marosimi 19-iyun, juma kuni Shveysariyada bo‘lib o‘tadi. Eron tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Kozim G‘aribobodiy ham davlat televideniyesidagi telefon suhbati davomida AQSh bilan kelishuv yakunlanganini tasdiqladi.
AQSh prezidenti Donald Tramp esa ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida Hormuz bo‘g‘ozi qayta ochilishini nazarda tutib, «neft oqsin» deya yozdi.
Hormuz bo‘g‘ozi jahon energetika bozori uchun muhim yo‘nalish hisoblanadi. Odatda dunyo nefti va suyultirilgan tabiiy gazining qariyb 20 foizi aynan shu suv yo‘li orqali tashiladi. Shu sababli uning yopilishi yoki xavf ostida qolishi neft narxining keskin oshishiga sabab bo‘lishi mumkin.
So‘nggi oylarda AQSh va Isroilning Eronga qarshi harbiy harakatlari fonida global energetika bozori keskin tebranishlarni boshdan kechirdi. Mojaro boshlanishidan oldin Brent nefti bir barrel uchun taxminan $70 atrofida sotilgan bo‘lsa, urush davrida narx $120 gacha ko‘tarilgan edi.
Qaynoq24.uz Tramp Eron bilan kelishuvni e’lon qilgani haqida yozgan edi.


