AQSH Eron terma jamoasiga JCh—2026 doirasidagi navbatdagi o‘yini oldidan mamlakat hududiga ikki kun avval kirishga ruxsat berdi. Avvalroq Eron delegatsiyasi turnir vaqtida AQSHdagi qat’iy safar cheklovlari sabab o‘yinlarga faqat juda qisqa muddat oldin yetib kelishi mumkin edi.
Axios xabariga ko‘ra, Eron terma jamoasi 26-iyun kuni Sietlda Misrga qarshi o‘yin o‘tkazadi. AQSH Ichki xavfsizlik vazirligi vakili seshanba kuni bergan bayonotida jamoaga ushbu uchrashuvdan ikki kun oldin AQSHga kirish ruxsati berilganini ma’lum qildi. Shu bilan birga, Eron delegatsiyasi o‘yin yakunlangan kuni mamlakatni tark etishi shart bo‘ladi.
AQSH tomoni xavfsizlik protokollari o‘zgarishsiz qolishini bildirgan. Vazirlikka ko‘ra, turnir ishtirokchilari, xodimlar va muxlislar xavfsizligini ta’minlash asosiy ustuvor vazifa bo‘lib qolmoqda.
Avvalroq Eron futbolchilari Los-Anjelesdagi dastlabki ikki uchrashuv uchun AQSHga faqat o‘yinlardan bir kun oldin kirishga ruxsat olgan edi. Bu ham dastlabki tartibga nisbatan yumshatilgan qaror bo‘lgan, chunki avval Eron terma jamoasi AQSHga o‘yin o‘tkaziladigan kunning o‘zida uchib kelishi kerakligi ko‘zda tutilgan edi.
Eron terma jamoasining JCh—2026 davomidagi logistikasi murakkab kechmoqda. Jamoa turnir boshlanishidan bir necha hafta oldin bazasini Arizonadan Meksikaning Tixuana shahriga ko‘chirgan. Bunga AQSHdagi safar cheklovlari bilan bog‘liq murosali logistika yechimlari sabab bo‘lgan.
Sietlga Eronning Meksikadagi bazasidan to‘g‘ridan-to‘g‘ri reyslar mavjud emas. Shu bois jamoaga uchrashuvdan ikki kun oldin AQSHga kirishga ruxsat berilishi tayyorgarlik va yo‘l masalasida muhim yengillik hisoblanadi.
Eron futbolchilari vizalarni Turkiyaning Anqara shahridagi AQSH elchixonasi orqali olgan. Biroq New York Times ma’lumotlariga ko‘ra, Eron futbol federatsiyasining ayrim xodimlariga viza berilmagan.
Turnirga tayyorgarlik jarayonida Eron tomoni barcha o‘yinlarini Meksikaga ko‘chirishni so‘ragan, biroq FIFA taqvimni o‘zgartirmagan. Agar Eron o‘z guruhida ikkinchi o‘rinni egallasa, keyingi uchrashuvini Dallasda o‘tkazadi. Hozircha jamoa guruh jadvalida ikkinchi o‘rinda bormoqda.
Qaynoq24.uz AQSh Senati Eronga qarshi urushni to‘xtatish rezolyutsiyasini qo‘llab-quvvatlagani haqida yozgan edi.


