Korxonalarga 1-dekabrga qadar zararli tashlamalarni 2 baravarga kamaytirish topshirildi. Bu haqda Ekologiya qo‘mitasi xabar bermoqda.
O‘zbekistonda atmosfera havosini toza saqlash bo‘yicha talab kuchaydi. Sanoat korxonalariga joriy yil 1-dekabrga qadar havoga chiqariladigan zararli moddalarni ikki baravarga qisqartirish bo‘yicha qat’iy topshiriq berildi.
Bu talab Prezidentning 2023-yil 31-maydagi farmoni hamda hukumatning 2024-yil 25-noyabrdagi qaroridan kelib chiqadi. Qonunga ko‘ra, atrof-muhitga ta’siri yuqori bo‘lgan I toifadagi korxonalar 2026-yil 1-yanvargacha, II toifadagilar esa 2026-yil 1-iyulgacha bir necha majburiyatni bajarishi shart.
Korxonalar atmosfera ifloslanishini doimiy o‘lchaydigan avtomatik monitoring stansiyalarini o‘rnatishi va ekologiya organlariga ulashi kerak. Shuningdek, chang-gazni tozalaydigan zamonaviy uskunalar va suvni tozalash inshootlarini o‘rnatish yoki yangilash talab etiladi. Sanitar himoya zonalari ham avtomatik kuzatuv postlari bilan jihozlanadi.
Majburiyatni bajarmagan korxonalarga kompensatsiya to‘lovlari 5 baravar oshirilgan tartibda qo‘llanadi. Agar korxona belgilangan talablarga amal qilmasa, “Ekologik nazorat to‘g‘risida”gi qonunga muvofiq, ularning faoliyati 10 ish kunigacha to‘xtatilishi yoki butunlay tugatilishi mumkin.
Bundan tashqari, ekologik talablarni bajarmagan subyektlarga nisbatan Ma’muriy javobgarlik kodeksining tegishli moddalariga ko‘ra jarimalar qo‘llanadi. Atmosfera havosini ifloslantirganlik uchun korxonalar Jinoyat kodeksi asosida jinoiy javobgarlikka tortilishi ham mumkin.
Avvalroq Qaynoq24.uz nashri transplantatsiya amaliyoti uchun tibbiy xulosalar berish tartibi belgilangani haqida yozgan edi.

