Pokistonning Peshovar shahrida Federal Constabulary (FC) paramilitar kuchlari shtab-kvartirasiga uch nafar xudkush jangari hujum qildi. Bu haqda Al Jazeera xabar bermoqda.
Mahalliy OAV xabariga ko‘ra, portlash va otishmalar oqibatida 3 nafar xavfsizlik xodimi va 3 nafar hujumchi halok bo‘ldi, bir necha kishi yaralandi.
Hujum tongda amalga oshirilgan. Birinchi jangari majmua darvozasida o‘zini portlatgan. Qolgan ikki nafari esa ichkariga kirishga uringan, ammo FC xodimlari tomonidan otib o‘ldirilgan. Peshovar politsiya boshlig‘i Mian Said Ahmadning ta’kidlashicha, jangarilar katta talafot yetkazishni rejalashtirgan, chunki hujum paytida hududda ertalabki mashg‘ulotlar uchun ko‘plab harbiylar to‘plangan edi.
Hodisa sodir bo‘lgan hudud zich aholi yashaydigan qism bo‘lib, politsiya uni to‘liq o‘rab olgan. Mahalliy shifoxonalar favqulodda holat e’lon qilgan. Shifokorlar ma’lumotiga ko‘ra, jarohatlanganlarning ahvoli barqaror.
Hujum uchun mas’uliyatni hozircha hech bir guruh o‘z zimmasiga olmadi. Biroq so‘nggi yillarda shunday xurujlar uchun ko‘pincha Tehrik-e-Taliban Pakistan (TTP) ayblanadi. TTP Afg‘onistondagi Tolibon harakati bilan aloqador bo‘lgan, ammo alohida tuzilma hisoblanadi.
Pokiston bosh vaziri Shahboz Sharif va prezident Osif Ali Zardori hujumni qoraladi. Sharifning aytishicha, terrorchilik rejalariga qarshi qat’iy choralar davom ettiriladi va hujum ortida turganlar javobgarlikka tortiladi.
Avvalroq Qaynoq24.uz nashri Pokistonda zavoddagi portlashda kamida 15 ishchini halok qilgani haqida yozgan edi.

