O‘zbekistonlik elektr montajchilari Buyuk Britaniyaga ishga taklif etilmoqda. Bu haqda Migratsiya agentligi xabar bermoqda.
Migratsiya agentligi va Skills Provision Ltd hamkorligida yuqori kuchlanishli elektr uzatish tarmoqlari montajchisi lavozimi uchun nomzodlar tanlov asosida qabul qilinadi. Jami 500 ta ish o‘rni mavjud. Asosiy vazifalar mehnat xavfsizligi qoidalariga rioya qilish, elektr montaji bilan shug‘ullanish, arqon bilan ishlash, yerga ulash, jumper o‘rnatish, po‘lat konstruksiyalarni yig‘ish va texnik chizmalarni o‘qishdan iborat. Qish oylarida haftasiga 39 soat, yozda esa 60 soat ishlanadi. Soliqdan keyingi oylik taxminan 3400 funt sterling bo‘lib, qo‘shimcha ish uchun ham alohida to‘lovlar mavjud.
Ushbu lavozimga 23 dan 45 yoshgacha bo‘lgan, elektr energetikasi yoki shu yo‘nalishdagi oliy ma’lumotga ega, kamida 3 yillik tajribasi va ingliz tilidan B2 daraja xalqaro sertifikatiga ega mutaxassislar ariza topshirishi mumkin. Nomzodlardan 110 kV va undan yuqori elektr uzatish liniyalarida ishlash tajribasi, minoralar qurilishi va ta’miri bo‘yicha ko‘nikma, balandlikda ishlay olish, kabel tortish va o‘rnatish hamda minoralarni montaj qilish bo‘yicha malaka talab etiladi.
Ish beruvchi mehnat vizasi xarajatlari, tibbiy sug‘urta va ish kunlarida kunlik 60 funt sterling miqdorida yashash uchun to‘lov bilan ta’minlaydi. Xodim ovqatlanish va ish joyiga yetib borish xarajatlarini o‘zi qoplaydi, biroq ushbu xarajatlarning yarmi ish beruvchi tomonidan, bir qismi esa Migratsiya agentligi tomonidan kompensatsiya qilinadi. Ro‘yxatdan o‘tish xorijdaish.uz platformasi orqali amalga oshiriladi. Savollar bo‘yicha 1282 yoki 71 202-33-55 raqamlariga murojaat qilish mumkin.
Avvalroq Qaynoq24.uz nashri Bolgariya o‘zbekistonlik quruvchilarni ishga taklif qilayotgani haqida yozgan edi.

