Sud tizimi mustaqilligini kuchaytirishga qaratilgan yangi tartib joriy etildi. Farmonga ko‘ra, Sudyalar oliy kengashi va Sudyalar oliy malaka hay’atining qo‘shma yig‘ilishlari bekor qilinadi.
Kengash raisiga konstitutsiyaviy maqomidan kelib chiqadigan qo‘shimcha vakolatlar berildi. Endilikda rais sudyalarga nisbatan malaka hay’atlari tomonidan asossiz tugatilgan intizomiy ishlar yoki qilinmagan xatti-harakatga mos bo‘lmagan jazo qo‘llangan holatlarda hay’at qarorini qayta ko‘rib chiqish uchun taqdimnoma kiritishi mumkin. Shuningdek, rais Kengashning tuzilmasi va shtat jadvalini belgilangan birliklar doirasida mustaqil tasdiqlash vakolatiga ega bo‘ladi.
Farmonda qayd etilishicha, 2025-yil 15-dekabrgacha Kengashning rasmiy saytida sud tizimidagi bo‘sh rahbarlik va yuqori turuvchi sudyalik lavozimlari, ularga tanlovda ishtirok etish tartibi hamda nomzodlarni tanlash va tayinlash jarayonining barcha bosqichlariga oid ma’lumotlar ochiq e’lon qilib boriladi. Bu sud tizimidagi shaffoflikni oshirishga qaratilgan muhim qadam hisoblanadi.
Avvalroq Qaynoq24.uz nashri qishloq xo‘jaligi sug‘urtasi jamg‘armasi tashkil etilishi haqida yozgan edi.

