O‘zbekistonda 58 ta bot orqali 20,9 mlrd so‘mlik narkosavdo fosh etildi. Bu haqda Bosh prokuratura huzuridagi Departament ma’lum qildi.
Tergovga qadar tekshiruvda «HST», «VEK» va «RBMT» MChJ mansabdor shaxslari hamda boshqa shaxslar Telegram’da narkotik va psixotrop moddalar savdosi bilan shug‘ullanuvchi xalqaro «TESLA SHOP» guruhiga aloqador 58 ta botdan foydalangani aniqlangan.
Mazkur botlar orqali sotilgan noqonuniy moddalar uchun kelib tushgan 20,9 mlrd so‘m 14 nafar xorijiy fuqaro nomiga O‘zbekiston banklarida ochilgan 90 ta soxta, ya’ni drop-kartaga o‘tkazilgan. Shuningdek, ushbu mablag‘larning 8 mlrd so‘mi Paynet faoliyati bilan shug‘ullanuvchi «HST» va «VEK» MChJlarga, yana 4,7 mlrd so‘mi esa «CP» kripto-do‘koniga yo‘naltirilgan.
Tekshiruv ma’lumotlariga ko‘ra, keyinchalik mazkur va boshqa mablag‘lar jamiyatlarning hisob raqamlariga o‘tkazilib, aholi uchun 621,2 mlrd so‘mlik Paynet xizmatlari ko‘rsatilgan. Shu jarayonda 90,3 mlrd so‘mlik soliq to‘lovlarini to‘lashdan bo‘yin tovlangan.
Bundan tashqari, ushbu faoliyatdan olingan mablag‘lar hisobidan $50,5 mln miqdorida noqonuniy kriptoaktivlar aylanmasi amalga oshirilgan. Shundan $2,4 mlnlik kriptoaktivlar 14 nafar xorijiy fuqaroning valyuta hisob raqamlariga o‘tkazilib, jinoyat yo‘li bilan topilgan daromadlar legallashtirilgani aniqlangan.
Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Hozirda tergov harakatlari davom etmoqda.
Qaynoq24.uz uch viloyatda 606,2 mln so‘mlik elektr talon-toroj qilingani haqida yozgan edi.


